Sud boshqaruvchisi yordamchisi 48 mln so‘m bilan ushlandi
3-sahifa
−
29 dekabr 2025 3821 2 daqiqa
Farg‘onada sud boshqaruvchisi yordamchisi 48 mln so‘m noqonuniy ish uchun olganida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida faoliyati to‘xtatilgan mineral o‘g‘itlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqarish kooperativiga (ICHK) biriktirilgan sud boshqaruvchisi yordamchisi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJning mazkur ICHKdagi 1 mlrd 502 mln so‘m miqdoridagi haqidan 300 mln so‘mini undirib berish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 48 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining 2 nafar bosh inspektori Nukus shahrida oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatini tekshirish davomida, go‘yoki 213 mln so‘mlik soliq qonunchiligi buzilgani aniqlanganligini aytib, ushbu summani 34 mln so‘mgacha kamaytirib berish evaziga MCHJ rahbaridan 2 ming AQSH dollari talab qilgandi. Bosh inspektorlar tamagirlik yo‘li bilan 700 AQSH dollari va 15 mln so‘m pul mablag‘ini o‘rtada vositachilik qilgan sobiq soliq idorasi xodimi orqali olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Live
Barchasi