Sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz – Prezident
Jamiyat
−
09 dekabr 2019
3866O‘zbekistonda sud ishlariga aralashish yoki sudga bosim o‘tkazishga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi kutilmoqda. Bu haqdagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantali marosimdagi nutqida bildirdi.
“Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, so‘nggi vaqtda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan shikoyat va arizalarning aksariyati huquq-tartibot organlari va sud faoliyati ustidan bo‘lmoqda.
“Keyingi paytda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatidagi kamchiliklarga taalluqli. Shuni inobatga olib, ushbu idoralar xalqimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratishi zarur. Har bir ariza va shikoyatning qonuniy yechimi ana shu idoralar rahbarlari faoliyatiga berilgan baho bo‘ladi.
Bunday yangi o‘zgarishlarni avvalo, xalqimiz, jumladan, yurtimizda qonun ustuvor ekaniga ishonib sarmoya kiritayotgan chet ellik hamkorlarimiz har tomonlama his qilishlarini istardim”, deydi davlat rahbari.