Sud Alisher Usmonovni “Putinning sevimli oligarxi” deb atashni taqiqladi

Olam

image

Germaniyaning Gamburg shahri sudi o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning Avstriyadagi “Kurier” gazetasiga qarshi da’vosi bo‘yicha hukm chiqardi. Sud gazetaning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Usmonovni “sevimli oligarx” deb atagani haqidagi bayonotini asoslab bera olmagani va bu bilan tadbirkorning huquqlari buzilganini aniqladi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib, “EU Today” nashri xabar berdi.

Sud qarorida so‘z erkinligi va Rossiya bilan aloqalasi bor taniqli ishbilarmonlarning keng yoritilishi fonida potensial zarar yetkazuvchi bayonotlarni tekshirish bo‘yicha tanqidiy fikr bildirilgan.

Bahs “Kurier”ning 2023 yil avgust oyida chop etilgan “Rossiya oligarxlari – Putin urushlarining moliyaviy tayanchi” sarlavhali maqolasi tufayli kelib chiqqan.

“Asli o‘zbekistonlik Usmonov “Putinning sevimli oligarxi” maqomiga ega, bu unvon unga Putinning o‘zi tomonidan berilgan”, deyilgan maqolada. 

Biroq Putinning bunday bayonot bergani haqida hech qanday dalil yo‘qligini inobatga olib, sud bunday ma’lumotlar tarqatilishini taqiqladi.

“Nashr Putin Usmonovni “sevimli oligarx” deb atagani haqidagi bayonotning haqiqatligini isbotlay olmadi”, deyilgan sud hujjatlarida. 

Gazeta esa o‘z himoyasida Usmonov “Putinning sevimli oligarxlaridan biri” deb ta’riflagan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining mantiqiy qismini keltirgan. Sud hukmiga ko‘ra, ushbu ma’lumotnoma maqolani asoslash uchun yetarli emas, deb topgan.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov 2022 yil 28 fevraldan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lib, AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar ham unga nisbatan cheklovlar joriy qilgan. Joriy yilning avgustida Usmonov sanksiyalar uning obro‘siga putur yetkazayotganini aytib, xususiylashtirishda ishtirok etmagani va “davlatdan hech qanday shubhali yordam” olmagani uchun uni oligarx deb hisoblash mumkinligi haqidagi da’voni rad etgan.

“Bloomberg” xabariga ko‘ra, tadbirkor o‘tgan yilning aprel oyida sanksiyalarga e’tiroz bildirish uchun YeI sudiga murojaat qilgan. Kuzda uning Germaniyadagi villalarida tintuvlar o‘tkazilgan. Germaniyaning “Tagesschau” portaliga ko‘ra, reydlar Usmonovning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va sanksiyalarni buzganlik haqidagi ayblovlari bilan bog‘langan.

2022 yil noyabrida Usmonovning matbuot xizmati tadbirkorga nisbatan pul yuvish yoki soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilish uchun asos yo‘qligini, “uning pullarining kelib chiqishi mutlaqo shaffof” ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Usmonov Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar uning mulk daxlsizligiga bo‘lgan huquqining buzilishi ekanini da’vo qilib, Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made