“Straus House” ishi: jabrlanuvchilar Mustaqillik maydoniga to‘plandi
Tahlil
−
25 fevral 2020
14852O‘tgan yili kuz faslida “Straus House” jinoyat ishi katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 2019 yil 25 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Straus House” MCHJ ta’sischisi I.Isroilov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bugun, 25 fevral kuni ushbu muammo yuzasidan bir guruh fuqarolar poytaxtning Mustaqillik maydoniga yig‘ildi. Ular IIV tergovi allaqachon tugallangan bo‘lsa-da, mablag‘lari shu vaqtgacha qaytarilmayotganidan norozi edi.
Jabrlanganlar nima deydi?
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro O‘rozbek Haydarovga ko‘ra, ularga tegishli tashkilotlar tomonidan undirilgan mablag‘lari qaytarilishi masalasi nima bo‘layotgani haqida to‘liq ma’lumot berilmay kelmoqda.
“Bizga berilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilsak, ish hozir prokuraturada deydi. Bugun mana sudga oshirildi deyishmoqda. Aniq ma’lumot yo‘q. Kuzdan beri kutyapmiz”, deydi jabrlanuvchi. Haydarov shuningdek, ish hal etilishida davlatdan adolat kutib qolishi, poytaxtga kelib-ketish harajatlari ularga qimmatga tushayotgani, avvalroq televizorda berilgan reklamalarga ishongani, lekin firibgarlar qo‘liga tushib qolgani va undirilgan pullari tezroq qaytarilishidan umidvor ekanini aytdi.
“Biz ishonuvchan xalqmiz. O‘zi yolg‘on gapirmagan odam boshqalar ham yolg‘on gapirmasa kerak deb o‘ylar ekan. Tadbirkorlik va boshqa sohalarga yengillik bo‘lyapti. Bankka borganimizda kredit ham ajratildi. Birimizni ikki qilamiz deb o‘ylagandik. Firibgarlarning qo‘liga tushdik. O‘zimizda ham ayb bor. Olti oy kutdik lekin sabrning ham chegarasi bor-ku”, deb pullari tezroq qaytarilishini istashini bildirdi.
Buxoro viloyati Olot tumanidan kelgan Shoira Qorayevaning aytishicha, u tuyaqushlar sotib olish uchun Xalq bankining tegishli bo‘limidan 30 million so‘m miqdorida kredit olgan. Uning ustiga farzandi kasalligi bois qimmat dorilar iste’mol qilishi shart. Bemorning dorisi Germaniya davlatidan keltiriladi. Shu sababli hozirda oila pulga muhtoj.
“Uyimda nogironligi bo‘lgan farzandim bor. Bolamning ichadigan dorisi bu yerda yo‘q. Germaniyadan olib keltiramiz. Bankka foiz to‘layapmiz. Bank kutib turmaydi. Qarzini talab qilmoqda”, deya hozirgi kunda qiyin ahvolda qolganini tushuntirdi.
Namangan viloyatidan kelgan fuqaro Shahzoda Dadaxo‘jayeva esa oilasi bilan mazkur loyihaga ishonib anchayin zararga kirgani, yuqori mansabdor shaxslar ularning masalasiga jiddiy e’tibor qaratib, ijobiy hal etilishida tashabbus ko‘rsatishlarini kutib qolishini aytdi.
“Televizorlarda ushbu masalada yaxshigina reklamalar ketganiga ishongandik. Uyimizdagi sutini ichib turgan molimizni sotib, tuyaqush jo‘jasini sotib olib, boqmoqchi edik. Muammoni Prezidentga yetkazinglar, iltimos. O‘zlari qanday hal qilishni biladilar. Toshkentga bir necha marta keldik. Bugun ham quruq qo‘l bilan ketmaylik”, deydi Dadaxo‘jayeva.
IIV Tergov departamenti allaqachon tergov ishini tamomlagan
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Inomjon Ismatov jinoyat ishi bo‘yicha o‘z izohlarini berib o‘tdi. 2019 yilning dekabr oyida dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudda ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
“Aholining asosiy e’tirozi yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq hisoblanadi. 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ayblanuvchilardan undirilib, Tergov departamentining depozit hisob varag‘iga tushirilgan. Bundan tashqari, ularning 3 milliarddan ortiq mol-mulklari ham xatlangan. Mablag‘larning taqsimlanishi va zararni to‘liq qoplash masalalari tegishli sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va ularning puli, albatta, qaytariladi”, deydi Inomjon Ismatov.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, “Straus House” MCHJ mansabdor shaxslari Respublikaning barcha viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslarga Janubiy Afrika Respublikasidan har birining narxi 1.800.000 so‘mdan, 90 kun muddat ichida “ostrich” (qora bo‘yin) zotli tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berish yuzasidan oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirgan.
Yetkazib berilgan tuyaqush jo‘jalarini 12 oydan so‘ng, tirik vaznini 80.000-90.000 so‘mdan shartnoma asosida qaytarib sotib olish va ushbu jarayonda bepul veterinarlik xizmatini ko‘rsatish yuzasidan va’dalar bergan. 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida jami 731 nafar jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnomalar rasmiylashtirgan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, jami 16.1 mlrd so‘m (shu jumladan 3,8 mlrd so‘m fuqarolarning kredit mablag‘lari hisobidan) miqdorida to‘lovlarni jamiyatning bankdagi hisob raqami orqali qabul qilib, belgilangan muddatda jami 319 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tuyaqush jo‘jalarini yetkazib bermasdan, 7.2 mlrd so‘m pul mablag‘larini o‘zlarining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Jinoyat ishi sud tomonidan uzog‘i bilan bir oyda ko‘rilishi aytildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomovga ko‘ra, mazkur ish joriy yilning 21 fevral kuni Toshkent shahar sud ishi yurituviga kelib tushgan. U birinchi instansiyada ko‘rib chiqilishi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi yurituviga o‘tkazilgan.
“Bir qancha fuqarolar mazkur ish bo‘yicha noroziligini bildirib kelishdi. Biz ular bilan uchrashuv o‘tkazdik. Mazkur jinoyat ishida 300 dan ortiq fuqarolar jabrlangan, 5 nafar sudlanuvchi bor va ish hajmi 45 tomdan iborat. Butun diqqat shunga qaratilib, jinoyat ishi uzog‘i bilan bir oy ichida ko‘rib chiqiladi. Turli joylardan kelganini hisobini olib, ularni ham ovora qilmay, sud majlislariga videokonferensaloqa rejimi orqali qatnashishlari ta’minlanadi”, deydi Baxtiyor Islomov.
Kredit olgan jabrlanuvchilar taqdiri sud tugaguncha nima bo‘ladi?
Jabrlanganlar orasida bank filiallaridan kredit olib, tuyaqush sotib olishga pul to‘lagan fuqarolar ham bor. Banklar ham o‘z siyosatini olib boradi. Ular ham muddati kelgan kreditni foizi bilan qaytarilishini talab qilishlari tabiiy. Ammo bu holat jabrlanganlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda va ular pul masalasida qiynalmoqda. Ushbu muammo yuzasidan Vazirlar Mahkamasi kotibiyat mudiri A’zam Ravshanov va Markaziy bank departament direktori Aktam Sayfullayev o‘z tushuntirishlarini berib o‘tdi.
“Mazkur “Straus House” ishi bo‘yicha kelgan 50 ga yaqin fuqarolar bilan gaplashdik. Hukumatga qo‘yiladigan bitta masala mavjud. Fuqarolarning bir qismi tuyaqushni O‘zbekistonga olib kirishda “Straus House” MCHJga banklardan kredit olib bergan. Hozirgacha uning foizlarini to‘lab turishibdi. Ular sud hujjati chiqquncha, kredit foizlarini, iloji bo‘lsa, uning asosiy qismini qaytarish bo‘yicha uning qaytarilishini to‘xtatib turishni iltimos qilishdi. 50 taga yaqin kredit olgan fuqarolarning ro‘yxatini tuzdik. Ularga o‘sha vaqti banklar tomonidan 8 foizlik eng kam kredit berilgan. Hozir bu masalani ijobiy hal qilishni o‘ylayapmiz. Menimcha, bu masala tez orada hal bo‘ladi”, deydi A’zam Ravshanov.
Shundan so‘ng, Markaziy bank vakili Aktam Sayfullayev kredit foizlarini “muzlatish” uchun boshlangan harakatlar haqida gapirib o‘tdi.
“Ish bo‘yicha jabrlangan 319 nafar fuqaroning ro‘yxatini oldik. Bizda kreditorlarning bazasi mavjud. Ushbu baza orqali ularning qanchasi kredit olganini aniqlaymiz. Qonunchilik nuqtai nazaridan tegishli banklarga sud hukmi chiqquncha, jabrlanuvchilarning asosiy qarz va kredit foizlarini qaytarishini kechiktirib turish bo‘yicha tavsiyalar beramiz”, deydi Aktam Sayfullayev.
Savollar bor!
Yuqoridagilarni ko‘rib bir qancha savollar paydo bo‘ladi. Nega mas’ullar fuqarolar Toshkentga kelgach, harakatga tushib qoladi? Endilikda shunday muammolarning oldini olish uchun qonunchilik tashabbusiga ega Parlamentning pozitsiyasi qanday bo‘ladi? Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bank vakillari jabrlanuvchilarga ularning krediti masalasida amaliy yordam ko‘rsatiladi deb aytmoqda. Muammo rostan ham hal etiladimi? Hozircha savollar ochiq qolmoqda. QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi