“Stoyanka”da turgan mashinani sotib yuborgan yigit qamaldi
3-sahifa
−
16 mart 2023
6819Toshkentda 28 yosh yigit uylar oldida joylashgan avtomashinalar turargohida VAZ 21-05 rusumli transport vositasi qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, uni sotib yubordi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, yigit mashinaning old va orqa tomondagi davlat raqami belgilarini shikast yetkazgan holda yechib olib, turargoh yonida bo‘lgan ariqqa tashlab yuborgan.
“Avtoturargohda o‘zimga tegishli bo‘lgan, 2010 yilda ishlab chiqarilgan VAZ 21-05 rusumli transport vositasini qoldirgandim. Ushbu avtomashinadan bir yarim yildan buyon foydalanmaganman. Voqea sodir bo‘lgan kundan bir kun oldin ertalab avtoturargohning oldidan o‘tayotganimda mashina joyida turganligini ko‘rgandim. Ertasiga u yo‘qoldi. Avtoturargoh qorovulxonasiga borib so‘raganimda, “Bu yerga yaqinda keldim, 20 daqiqalarda aniqlab aytaman”, deganicha xabar bo‘lmadi. So‘ng “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qildim”, deydi hozirda avtomashinasi o‘ziga qaytarilgan jabrlanuvchi.
Keltirilishicha, sudlanuvchi ikki xaridor topib, ularga transport vositasining egasi vafot etgani bois yaroqsiz holatga kelgan degan yolg‘on bilan 560 AQSH dollari evaziga sotib yuborgan. Sudda sudlanuvchi so‘roq qilinganida o‘z aybiga to‘liq iqror ekanini bildirdi.
“O‘sha kuni oilaviy janjal sabab uydan chiqib ketdim. Bir do‘stimdan vaqtincha yashab turish uchun joy so‘radim. U o‘zining tanishiga tegishli bo‘lgan avtomashinalar turargohining qorovulxonasidan joy topib berdi. Qorovulxonaga joylashdim. Avtoturagohda turgan VAZ 21-05 rusumli mashinaning egasini surishtirganimda egasi kimligini hech kim bilmasligini aniqladim. Shunda bu avtomobilni sotish maqsadida xaridor izladim. E’lon bo‘yicha bir kishi qo‘ng‘iroq qildi. Unga “eski avtomashina bor, egasi vafot etgan, jarima maydonidan o‘n million so‘m qarzi bor”, deya avtomashinani sotib olishni taklif qildim. Ertasi kuni xaridor menga notanish shaxs bilan birga avtoturargohga kelishdi. Ularga mashinani ko‘rsatdim, hujjatlarini so‘rashdi. Egasi vafot etgani sababli hujjatlari yo‘qligi, shu avtoturargohda qorovul bo‘lib ishlashimni aytdim. Xaridorlar 560 AQSH dollariga sotib olishdi va evakuatorga avtomashinani yuklab olib ketishdi. Oradan bir-necha kun o‘tib, qorovulxonada bo‘lgan vaqtimda bir rus millatiga mansub shaxs kelib, VAZ 21-05 rusumli avtomashinaning egasi ekanini aytib, avtomashina qayerda ekanligini surishtira boshladi. Yaqinda ish boshladim deya qorovulxonadan chiqib ketdim”, deydi avtomashina sotuvidan topgan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan sudlanuvchi.
Sudning hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismining “g” bandi va 227-moddasi (transport vositalarining davlat raqam belgilariga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Sudlanuvchidan manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. Ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan davlat raqami qonuniy egasiga qaytarilishi belgilandi”, deyiladi jinoyat ishlari bo‘yicha sud bayonotida.
LiveBarchasi