Statistika tizimi Prezident tomonidan qattiq tanqidlarga uchradi
Jamiyat
−
02 iyun 2020
8876Statistika tizimidagi xodimlarning 2 foizigina statistika bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. 30 yil davomida atigi 1 nafar fan doktori, 11 nafar fan nomzodi ilmiy ish yoqlagan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Jahon ma’lumot bazalarida O‘zbekistonning tarmoq indikatorlari to‘liq aks etmagan. Mutasaddilarga mehnat, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi sohalar bo‘yicha xalqaro bazalarda mamlakat ko‘rsatkichlarini to‘liq aks ettirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Statistik kuzatuv ma’lumotlarining yarmi qog‘oz shaklida to‘planmoqda. Ularni tahlil qilishda 20 yil avval joriy etilgan dasturiy ta’minotdan foydalanilmoqda.
Soliq va statistika idoralari o‘rtasida avtomatlashgan axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali inflyatsiyani hisoblash xarajatlarini keskin qisqartirish mumkin. Markaziy bank, Moliya vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sohadagi faoliyati muvofiqlashtirilmaydi. Aslida esa, statistik ko‘rsatkichlarning 40 foizi ushbu idoralar tomonidan shakllantiriladi.
Shu bois bu boradagi qonunni va 17 yil avval tashkil etilgan Statistika kengashi faoliyatini takomillashtirish, xalqaro talablar asosida mustaqil statistika tizimini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
So‘nggi 5 yilda 318 nafar bakalavr va 33 nafar magistr tayyorlangan bo‘lib, statistika idoralarida ularning 10 foizi ishlamoqda, xolos. Tizimdagi xodimlarning 2 foizigina statistika bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. Shuningdek, 30 yil davomida atigi 1 nafar fan doktori, 11 nafar fan nomzodi ilmiy ish yoqlagan.
Kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va statistika fanini rivojlantirish, sohada mehnatga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Statistika tizimini rivojlantirish strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Davlat rahbari uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
LiveBarchasi