Starmerning o‘rinbosari soliq to‘lamagani uchun iste’foga chiqdi
Olam
−
06 Sentabr 2025 2849 2 daqiqa
Kecha, 5 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning o‘rinbosari Anjela Reyner soliq to‘lovlari bilan bog‘liq mojaro tufayli iste’foga chiqdi. U, shuningdek, hukmron "Leyboristlar" partiyasi yetakchisining o‘rinbosari lavozimini ham tark etadi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Reyner hukumatdan ketish qarorini Sky News podkastida Angliyaning janubidagi Houv shahrida kvartira sotib olganda gerb yig‘imini (stamp duty) to‘lamaganini tan olganidan so‘ng qabul qilgan. U bunda bitimni tuzgan yuristlarni ayblagan. Reynerning so‘zlariga ko‘ra, u soliqni to‘lash zarurligi haqida ogohlantirilmagan. The Guardian‘ning yozishicha, Reyner taxminan 40 ming funt sterling soliqni to‘lamagan.
Keyinchalik Reyner Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer nomiga maktub yo‘llab, soliq masalasida mutaxassisdan qo‘shimcha maslahat olmagani uchun “chuqur afsusda” ekanini bildirgan.
“Men bu xato uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman. Men hech qachon belgilangan summadan kamini to‘lashni niyat qilmaganman”, deb yozgan u.
Starmer esa unga minnatdorchilik bildirgan.
“Sizning bosh vazir o‘rinbosari, davlat kotibi va Leyboristlar partiyasi yetakchisining o‘rinbosari sifatidagi faoliyatingiz shunday yakunlanganidan juda afsusdaman”, degan u.
Ma’lumot uchun, Anjela Reyner 2024 yilning 5 iyulida bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan. U tayinlovdan oldin 2015 yildan buyon Eshton-ander-layn ( Ashton-under-Lyne) okrugida Jamoat palatasi deputati bo‘lib ishlagan.
Gerb yig‘imi – Angliya va Shimoliy Irlandiyada ko‘chmas mulk yoki yer sotib olishda olinadigan soliq. Uning stavkasi mulkning turiga (yashash, tijorat yoki aralash maqsad) hamda xaridorning rezidentligi yoki norezidentligiga qarab belgilanadi.
Live
Barchasi