Starlink’ning orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlari soni 10 mingdan oshdi
Olam
−
09:04 717 2 daqiqa
Ilon Maskning orbitadagi Starlink sun’iy yo‘ldoshlari soni 10 mingdan oshdi. Bu haqda “Spaceflight Now” nashri xabar berdi.
Aniqroq aytganda, SpaceX kompaniyasi joriy yil 17 martga o‘tar kechasi 25 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat navbatdagi turkumni uchirdi. Bu joriy yil boshidan buyon amalga oshirilgan 17-orbital parvoz bo‘ldi.
2026 yilda SpaceX parvozlarining o‘rtacha chastotasi har ikki-uch kunda bir martani tashkil qilmoqda. Yil boshidan buyon amalga oshirilgan 33 ta Falcon 9 parvozining aksariyati aynan Starlink qurilmalarini orbitaga olib chiqishga bag‘ishlangan.
Hozirda Starlink xizmatidan dunyoning 160 ta mamlakatida 10 milliondan ortiq faol mijoz foydalanmoqda. Ushbu sun’iy yo‘ldosh tizimi SpaceX tomonidan butun dunyoni global internet bilan ta’minlash uchun ishlab chiqilmoqda.
Loyiha 2015 yilda e’lon qilingan bo‘lib, ilk tijoriy parvozlar 2019 yilda boshlangan. Sun’iy yo‘ldoshlar yerga yaqin (taxminan 550 km balandlikdagi) orbitada joylashgan bo‘lib, bu signal uzatishdagi kechikishlarning kamligini ta’minlaydi.
Foydalanuvchilar tarmoqqa maxsus terminallar orqali ulanadi, terminallar esa avtomatik ravishda bir yo‘ldoshdan ikkinchisiga o‘tib turadi. Qurilmalar o‘zaro ma’lumot almashish uchun lazerli aloqa tizimi va orbitani to‘g‘rilash uchun ionli dvigatellar bilan jihozlangan. Bitta apparatning xizmat qilish muddati taxminan besh yilni tashkil etadi, shundan so‘ng u orbitadan chiqarilib, atmosferada yonib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmati Tojikistonda ham ishga tushirilayotgani haqida xabar berilgandi. U bunga qadar Qozog‘istonda mavjud edi.
Live
Barchasi