SSV o‘zbekistonliklarni soxta kosmetologlardan ogohlantirdi

Salomatlik

image

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar yoki ayrim go‘zallik salonlari peshlavhalarida ayollar sartaroshxonasi, manikyur-pedikyur xizmatlari ro‘yxatida kosmetolog muolajalari bilan bog‘liq e’lonlar ham borligi tez-tez kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu soxta kosmetologlar xizmati bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, terini ortiqcha yog‘lardan tozalash, piling, yuz massaji, lazerli epilyatsiya, botoks, mezoterapiya kabi muolaja turlarini taklif etayotgan bunday “ishbilarmon”lar xizmatidan foydalanayotganlar kam emas. Shuningdek, so‘nggi paytlarda xotin-qizlar yuz qismida o‘tkazilgan ayrim amaliyotlar noxush holatlarga olib kelayotgani bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan.

“Yuzdagi nuqsonlarni bartaraf etaman deb kosmetolog huzuriga borgan, biroq tuzalish o‘rniga kutilmagan muammoni orttirib olgan ayollarning ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozli chiqishlari ham kuzatilyapti. Xo‘sh, ushbu murojaatlar qanchalik asosli? Haqiqiy vaziyat qanday?”, deya savol qo‘ygan SSV.

Tahlillarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich – Toshkent shahrida, ya’ni 94 ta. Ularning safiga oddiy go‘zallik salonlari hamda tibbiyot tashkiloti maqomiga ega bo‘lmagan kosmetologiya muassasalarini ham qo‘shib hisoblansa, bu miqdor yanada ortadi.

“Albatta, opa-singillarimizga go‘zallik va salomatlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi bunday muassasalarning ko‘payishi quvonarli hol. Ammo kosmetologiya muolajalari — shifokor tomonidan o‘tkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi! Shunga qaramay, ba’zi go‘zallik salonlari, xususiy klinikalar tomonidan hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari kundan-kunga ko‘payib borayotgani achinarlidir”, deyiladi xabarda.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida yuqoridagi keltirilgani singari noxush holatlar uchramagan. 

Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat olib borish oqibatida kelib chiqqan asoratlar hamda nojo‘ya ta’sirlarga daxldor. Sababi, litsenziyasiz ishlash – sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qo‘llash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi. 

“Oddiy go‘zallik salonlari yoki tibbiyot tashkiloti hisoblanmaydigan turli kosmetologiya markazlarida tegishli ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar tibbiy kosmetologiya bilan shug‘ullanayotgani bu muammolarning bosh omilidir”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sobirov.

Sobirovga ko‘ra, ular tegishli hujjatlar asosida kosmetologiya xizmatini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida hisobdan o‘tib, faoliyat olib borayotgan fuqarolar. Ushbu kosmetologlar shifokor bo‘lmagani uchun ular faoliyatini nazorat qilish sog‘liqni saqlash organlarining vakolatida emas. 

Shu bois, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘ridagi nizom va uni tasdiqlash haqidagi buyruq ishlab chiqilgan. Bu hujjat asosida davlat tibbiyot muassasalari tomonidan alohida tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi hamda shifokor-kosmetologlarga qo‘yilgan talablar belgilangan.

Ayni paytdagi mavjud holat va fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarni e’tiborga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy kosmetologiya xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lganlardan, albatta, tegishli davlat tibbiyot muassasasi yoki shu ixtisoslik bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qilishni so‘ragan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni soxta tabiblarga aldanib qolishdan ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi soxta kosmetologlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing