SSV tibbiyot xodimlarining ishda hijobda yurishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Jamiyat
−
01 aprel 2022
42823Avvalroq O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga asosan tibbiyot xodimlariga “hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish” bo‘yicha taqiq olib tashlangani haqida xabar bergan edik.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining kiyinish madaniyati bilan bog‘liq xabarlarga munosabat bildirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilovning ma’lum qilishicha, inson salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash tibbiyot tizimining eng muhim vazifasi bo‘lib, ushbu soha egalari o‘z yurish-turishi, kiyinishi va muloqot madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi, kasbdoshlariga, qolaversa, bemorlarga hurmat va mehr-muruvvat ko‘rsatishlari lozim.
Shu boisdan 2022 yil 24 martda Sog‘liqni saqlash vazirining Tibbiyot xodimlarining odob-axloq Kodeksini tasdiqlash haqida buyrug‘i qabul qilingan.
Hujjat bilan tibbiyot xodimlari o‘z kasbiy majburiyatlariga rioya etishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur hujjatdagi vazifalar vazirlik tizimidagi barcha korxona-tashkilotlar, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida ijro etilishi qat’iy belgilangan.
“Buyruqning 2-ilovasi “Muassasa xodimlari va talabalarning muomalasi, kiyinish madaniyati qoidalari” nomli 3-bobida tibbiyot muassasasida faoliyat ko‘rsatayotgan va ta’lim olayotgan ayol xodim va talabalarga alohida va aniq talablar qo‘yilgan.
Jumladan, mazkur bobning 3.1.2 bandida usti kiyimning turlari xalat yoki tibbiy maxsus kiyim oq rangli (bo‘limlar orasidagi boshqa rangli maxsus kiyim ichki tartibda tasdiqlanishi lozim) tabiiy matodan, oson va tez tozalanadigan, qulay kiyiladigan, tor bo‘lmagan, bichimi ortiqcha, bezaklardan xoli, diqqatni tortmaydigan, klassik shakldagi kostyum yoki xalatdan iborat bo‘lishi kerakligi keltirib o‘tilgan”, deydi Ismoilov.
Shuningdek, ushbu bobning 3.1.6 bandida ayol tibbiyot xodimlari va talabalar oq xalat va unga mos toza va maxsus bosh kiyim kiyishi, xalat tizzadan pastda turishi, yengi uzun (faslga qarab), klassik uslubda chet el va turli xil firma yorliqlaridan xoli bo‘lishi aniq va batafsil bayon etilgan.
“Tibbiyot xodimlarining odob-axloq Kodeksida keltirilgan ushbu mezonlardan ko‘rish mumkinki, tibbiyot muassasalarida shifokor va hamshiralarning ish faoliyati davomida belgilangan me’yorlar asosida kiyinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Shunday ekan, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlardan ushbu buyruq mazmun-mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz”, deya so‘zini yakunlagan SSV vakili.