SSV soxta tabiblardan ogohlantirdi
Jamiyat
−
23 iyul
5128So‘nggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar ko‘payyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday soxta tabiblardan ogohlantirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib qoldi. Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz”, deydi SSV qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov.
Ta’kidlanishicha, turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yo‘l va uy sharoitida xalos bo‘lishni istaganlar “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolmoqda.
Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang iste’mol qilish foydali ekanligini targ‘ib qiluvchi videolavhalar tarqaldi. Unda xalq tabobati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan “tabib” tomonidan odamlarni o‘z tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni iste’mol qilib ko‘rsatishi aks etgan.
“Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan. Videodagi jonzot yer chuvalchangi yoki yomg‘ir chuvalchangi deb ataladi. U tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalq tabobati rivojiga keng yo‘l ochilganidan foydalanib, shaxsiy manfaat ilinjida soxta tavsiyalar bilan odamlarni aldash salbiy asoratlarni yuzaga keltirishini eslatib o‘tmoqchimiz”, deyiladi SSV xabarida.
Bildirilishicha, mazkur masala bo‘yicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda 100 ta tadbirkorlik sub’ektiga xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalar berilgan.
LiveBarchasi