SSV koronavirusni davolashda o‘zbilarmonlik qilgan, 6-qo‘llanma Prezident qaroriga zid ishlab chiqilgan
Jamiyat
−
06 avgust 2020
16337O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 3 avgust kuni Axborot va ommayik kommunikatsiyalar agentligida brifingda tashkil etib, Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni aniqlash va davolash bo‘yicha 6-qo‘llanma taqdimotini o‘tkazgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi joriy yilning 31 iyul kuni tasdiqlangan ushbu qo‘llanma tegishli tartibda palata ekspertizasidan o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
Mazkur qo‘llanma taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari Anvar Alimov va Habibullo Oqilov ishtirok etishgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 8-bandida sog‘liqni saqlash masalalariga oid ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasida ekspertizadan o‘tkazilishi shart ekani belgilangan.
Bundan tashqari, shu qarorning 2-bandiga muvofiq zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish Palataning asosiy vazifalari etib belgilangan.
Palataning ogohantirishidan shu ma’lum bo‘ldiki, SSV Prezident qarorida belgilangan majburiyatni bajarmagan.
O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarni davolash bo‘yicha qo‘llanma atrofida Gidroksixloroxin preparati yoki shu prepat bilan ishlab chiqarilgan Plakvenil dorisi sabab munozaralar kun sayin avj olmoqda. Gap shundaki, 13 iyunda tasdiqlangan 5-qo‘llanmada Gidroksixloroxin yoki Plakvenil dorisi davolash protokolidan chiqarib tashlangan edi. 31 iyul kuni tasdiqlangan yangi qo‘llanmaga esa ushbu dori qayta kiritilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va qator davlatlar bu preparat koronavirusga qarshi samarasiz ekani, hatto, o‘lim xavfini oshirishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi. Bu o‘z navbatida odamlar orasida bahslarga sabab bo‘ldi. Ushbu dorining koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga foydasi yo‘qligi haqida mutaxassislar Aziza Xo‘jayeva va Klara Yodgorova murojaat bilan chiqishgan edi. Hatto, Yodgorova ushbu dorini protokoldan chiqarib yuborishga uringani uchun tahdidlarga uchraganini ma’lum qilgandi.
Milliy palataning ma’lum qilishicha, 6-qo‘llanmani ishlab chiqishda rasman Prezident qarori buzilgan. Xo‘sh, voqealar rivoji qanday kecharkin? Gap shunchaki qog‘ozlar haqida emas, minglab odamlarning hayoti haqida boryapti. SSVning bu o‘zbilarmonligiga huquq-tartibot organlari panja ortidan qaramaydi, deb umid qilamiz.
LiveBarchasi