SSV koronavirusdan uyda davolanayotgan bemorlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Salomatlik
−
09 Oktabr 2020
24478Ma’lumki, O‘zbekistonda joriy yilning iyul oyidan boshlab koronavirusdan uy sharoitida davolanishga ham ruxsat berildi. Biroq, shifokorlar tavsiyalarimiz o‘zboshimchalik bilan davolanish, keraksiz dori vositalari iste’mol qilish yoki ularning dozasini oshirib yuborish, ko‘plab ayanchli holatlarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga yana bir bor ogohlantirish bilan chiqdi.
“Koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rta darajadagi shaklini uyda davolashda o‘ta kuchli dori vositalaridan foydalanib, kasallikni davolash o‘rniga uni yanada avj olishiga sabab bo‘layotgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi “shifokor”larimiz ham bor. Tavsiya etilayotgan dori vositalari ro‘yxatiga nazar solsak, “Deksametazon”, “Meropenem” kabi, shuningdek, 3-4 xil guruhga mansub “Amikatsin”, “Levofloksatsin”, “Sefazolin sulbaktam”, “Sefaperazon” va mikrobga qarshi “Metronidazol” kabi dori vositalarini ham bir vaqtning o‘zida foydalanilayotganini ko‘rish mumkin. Bu dorilar alohida ishlatilganda ham kuchli vosita hisoblanib, faqatgina COVID-19 ning eng og‘ir darajalarida statsionar sharoitda ishlatish tavsiya etiladi”, deyiladi SSV axborotida.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi E’zozbek Rizayev ushbu dori vositalari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
“Deksametazon” preparatini “COVID-19”ni davolashda ishlatish tavsiyasi 2020 yil iyun oyida Buyuk Britaniya olimlari tomonidan taklif etildi. Oksfort universiteti rasmiy saytida “COVID-19” kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir davrida, faqatgina kislorodga muhtoj bo‘lgan va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan kasallarga reanimatsiya sharoitida kuniga 6 mg miqdorida 10 kun davomida berish taklif etilgan. E’tiborli jihati, “Deksametazon” dori vositasini faqatgina reanimatsiya sharoitida berish tavsiya etiladi”, deb rasmiy bayonotda aniq belgilab qo‘yilgan.
“Deksametazon” bu “Aspirin” yoki “Sitramon” emaski, uni xohlagan odam dorixonadan sotib olib, o‘z bilganicha iste’mol qilsa. “Deksametazon” kuchli yallig‘lanishga qarshi va immunodepresant (immunitetni tushiruvchi) sintetik gormonal dori vositasi. Undan noto‘g‘ri foydalanish, avvalo:
• immun tizimining faoliyatini susaytiradi;
• qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi va uni rivojlantiradi;
• oshqozon yara kasalligida qon ketish xavfini oshiradi;
• suyaklardan kalsiyning chiqib ketishiga sabab bo‘ladi;
• teri mustahkamligini susaytiradi;
• surunkali kasalliklarning avj olishiga olib keladi.Bundan tashqari, ushbu yallig‘lanishga qarshi dori vositasidan uzoq muddat foydalanish har qanday gormonlar singari, semirish, diabet, osteoporoz, glaukoma va hatto ruhiy kasalliklar kabi nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, son suyagining aseptik nekroziga ham “Deksametazon” dori vositasini ko‘p miqdorda ishlatish sabab bo‘ladi.
“Deksametazon”ni COVID-19 ning yengil va o‘rta darajada kechish davrida ishlatish ta’qiqlanadi. Chunki u kasallikning dastlabki bosqichida, immunitetimizni mustaqil ravishda kasallikni yengishiga halaqit beradi va aks ta’sir ko‘rsatib, kasallikning avj olib ketishiga sabab bo‘ladi. Immun tizimi pasayib, hatto yo‘q bo‘lib ketgan bemorni kasallikdan qutqarish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi”.
LiveBarchasi