SSV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xavotirga munosabat bildirdi
Salomatlik
−
15 noyabr 2019
5681So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda va odamlar orasida yangi gap tarqaldi. Emishki, ishlab chiqarilgan manzili aniq bo‘lmagan keks yoki shunga o‘xshash shirin pishiriqlar ichidan noma’lum tarkibli tabletkalar chiqyapti. Uni iste’mol qilganlarda falajlik holatlari aniqlanmoqda. Biroq, bular quruq mish-mishligini ta’kidlamoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
“Avvalo, aholidan bu kabi asoslanmagan xabarlarga ishonmasliklarini, bu borada umuman xavotirga o‘rin yo‘q ekanini alohida ta’kidlamoqchimiz”, deyiladi SSV rasmiy bayonotida.
Bu borada Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov quyidagicha fikr bildirgan:
“Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yoki xorijdan respublika hududiga olib kiriladigan har qanday turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, keks va shunga o‘xshash shirin pishiriqlarni xavfsizligini kafolatlash uchun, mahsulot olib kelgan tadbirkor murajaatiga asosan sanitariya vrachi joyiga chiqib, mahsulot sifati, uni saqlash sharoiti, olib kelingan avtotransport holatini to‘liq o‘rganadi. Mahsulotdan sanitariya-kimyoviy, mikrobiologik, radiologik tekshiruvlar uchun namunalar olinib, tegishli laboratoriyalarga topshiriladi. Tahlil natijalari amaldagi sanitariya me’yor va qoidalarga to‘liq javob bergan taqdirda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilib, mahsulotning havfsizligini kafolatlaydi”.
SSVdan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning 15 noyabr holatiga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi shifoxonalarga yuqoridagi kabi mahsulotlar bilan zaharlanish yoki kasallik alomatlari bilan aholi tomonidan hech qanday murojaatlar bo‘lmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga ham ma’lumotlar kelib tushmagan.
“Bunday asoslanmagan xabarlarga ishonib sarosimaga tushmasligingizni, shuday holatlarni eshitsangiz yoki guvohi bo‘lsangiz zudlik bilan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga hamda 71 276-59-28 raqamli ishonch telefoni orqali Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deydi SSV o‘z bayonotida.
LiveBarchasi