SSV yangi mobil ilovani ishga tushirdi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
3864Endilikda O‘zbekistonda dorixonalarda mavjud bo‘lgan dorilar va ularning narxlari haqida fuqarolar mobil ilovalar yordamida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda joriy yilning 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan farmatsevtika sanoatidagi islohotlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Furqat Sanayevning ta’kidlashicha, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK O‘zbekistonga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qiladi, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Mazkur muassasa tomonidan 2018 yil va 2019 yilning 1 mayiga qadar sifati talabga javob bermagani uchun 258 nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, 43 nomdagi substansiyalarga muvofiqlik sertifikati berish rad etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi ishlar yanada takomillishtirilib, dori vositalarini elektron tarzda nazorat qilish tartibi belgilanadi. Bunda xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda yangi tizim joriy etilyapti. Unga ko‘ra, har bir import qilinayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositasiga maxsus stikerlar yoki yorliqlar joylanib, dori rastalariga yetkaziladi. Kelgusida shu stiker yoki yorliqlar asosida aholi har bir dori va uning narx-navosi haqida mobil ilova orqali batafsil ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida dori-darmon sifatini nazorat qilish borasidagi ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
“Xovotirga o‘rin yo‘q. Dori vositalarining sifati qat’iy nazoratda bo‘lib, sifatsiz dori vositalarining ishlab chiqarilishiga va chetdan yurtimizga kirib kelishiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Shu maqsadda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi qoshida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi faoliyat yuritayapti”, dedi tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova.
LiveBarchasi