SSV Dilbar Ikromova nomini koronavirusdan vafot etganlar ro‘yxatiga kiritdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 25 avgust kuni o‘zbek teatr va kino san’atining darg‘alaridan biri, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova 73 yoshida vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus bilan bog‘liq navbatdagi statistik ma’lumotlarda Dilbar Ikromova nomini ushbu xastalikdan vafot etgan bemorlar qatoriga kiritdi

QALAMPIR.UZ ishonchli manbalarining qayd etishicha, Ikromova bundan bir oy avval koronavirusga chalingan. Aktrisada xastalik og‘ir kechgan. U avvaliga Zangiota tumanida joylashggan shifoxonaning Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ikromovaning ahvoli o‘nglanmay, og‘irlashavergach, 4 avgust kuni poytaxtdagi nufuzli xususiy shifoxonaga olib o‘tilgan. 21 kuni Jonlantirish bo‘limida yotgan Dilbar Ikromova joriy yilning 25 avgust kuni vafot etdi. 

Dilbar Ikromova 1947 yilning 17 iyul kuni Toshkent viloyati, Bekobod shahrida tavallud topgan. 1970 yilda sobiq Teatr va rassomchilik san’ati institutini tamomlagan. 

Aktrisa talabalik yillaridayoq Hamza nomidagi teatrda sahnalashtirilgan “Boy ila xizmatchi” spektaklidagi Maston rolini ijro etadi. Bu rolni qoyilmaqom qilib o‘ynagan yosh aktrisaning iqtidorini sezgan mashhur rejissyor To‘la Xo‘jayev Dilbar Ikromovani o‘qishni bitirishi bilan teatrga ishga taklif qiladi. Dastlabki ijrosining muvaffaqiyatli chiqishidan ruhlangan yosh aktrisa hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnaga qo‘yilgan spektakllarda birin-ketin Zubarjat (M.Karim, “Oy tutilgan tunda”), Ozoda (I.Sulton, “Imon”), Roller (Shekspir, “Qaroqchilar”), Fekla Ivanovna (N.Gogol, “Uylanish”), Dilorom (E.Vohidov, “Oltin devor”), Risolat (S.Ahmad, “Ufq”), Nigora (S.Ahmad, “Kelinlar qo‘zg‘aloni”), Ona (A.Qodiriy, “Mehrobdan chayon”), hamshira (O‘.Umarbekov, “Qiyomat qarz”), Momo (E.Xushvaqtov, “Chimildiq”), Momo (E.Xushvaqtov, “Kalliq o‘yin”) kabi rollarni maromiga yetkazib ijro etib, tomoshabinlarning e’tiborini qozondi. 

Teatr san’atida o‘z ijodiy qiyofasiga ega bo‘lib, ko‘pchilikning nazariga tushishi ortidan Dilbar Ikromovani 80 yillardan boshlab kinoga ham taklif etishadi. Kinossenarist Eduard Akopov yozuvchi Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasi asosida kinossenariy yozadi. Ana shu ssenariy asosida kinorejissyor M.Abzalov 1984 yilda “Kelinlar qo‘zg‘oloni” badiiy filmini suratga olib, Sotti roliga Dilbar Ikromovani taklif etadi. Aktrisa Sotti rolini maromiga yetkazib ijro etadi. So‘ngra u “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan filmlarda Telba ayol (Z.Musoqov, “Qaldirg‘och”), Ona (S.Nazarmuhamedov, “Yolg‘iz yodgorim”), Ona (S.Nazarmuhamedov, “Chayongul”), Momo (M.Abzalov, “Chimildiq”), Polvon (M.Abzalov, “Qarib quyulmagan”), Ona (Min Deng Xun, “Yig‘lama, bari yaxshi”) hamda R.Muhammadjonovning “Oltin devor”, I.Ergashevning “O‘g‘riyam odam”, “Sharif va Ma’rif”, “Katta janjal” fil’mlaridagi rollarni muvaffaqiyatli ijro etadi. 

O‘zbekiston televideniyesida suratga olingan “Qutlug‘ qon”, “Bahor qaytmaydi”, “Ochilgan qo‘riq” va boshqa videofilmlarda yaratilgan hayotiy obrazlar, respublika radiosida tayyorlangan radiospektakl, radioinssenirovkalarda ijro etilgan rollar aktrisaning televideniye va radiodagi ko‘p yillik ijodining mahsulidir. 

Dilbar Ikromovaning serqirra ijodiy mehnati munosib taqdirlandi. 1996 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2001 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlari bilan taqdirlangan. 2014 yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Dilbar Ikromova

Baholaganlar

377

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing