SSV 2020 yil tizimda korrupsiyaga qarshi keskin kurashmoqchi
Jamiyat
−
28 dekabr 2019
5562Bugun, 28 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Cog‘liqni saqlash vazirligida navbatdan tashqari videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati xodimlari, hududiy boshqarmalar, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari va respublika davolash muassasalari bosh shifokorlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.
Videoselektorda shu yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining sohada vujudga kelgan korrupsiyaviy holatlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Unda qayd etilgan ko‘plab muammolarni bartaraf etish, korrupsion holatlarning oldini olish borasida qat’iy choralar ko‘rish, bu borada belgilab olinishi zarur bo‘lgan vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda tizimdagi 500 nafardan ortiq xodim turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 114 nafarining sodir etgan qilmishi korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya illati sohada xodimni ishga qabul qilishdan boshlab, moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-darmon ta’minoti kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shu bois, korrupsiya va ta’magirlikka qarshi kurashish va unga chek qo‘yish borasida, birinchi navbatda, tizimdagi barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, inventarizatsiyadan o‘tkazish, uni takomillashtirish, o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash, vazirlik va uning quyi bo‘g‘inlarida ichki xavfsizlik tarmog‘ini tashkil etish, audit va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, yuridik xizmat faoliyatini yanada kuchaytirish, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, bunda inson omili aralashuvini keskin kamaytirish kabi qator vazifalar aniq belgilab olindi.
Shuningdek, bo‘lib o‘tgan videoselektorda korrupsiyaga sharoit yaratib beradigan ko‘plab omillar, jumladan, davolash muassasasi ta’mirlanmagan yoki jihozlanmaganligi uchun pul yig‘ish kabi holatlarga barham berish maqsadida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, eng muhimi, tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligini yanada oshirish tizimini ishlab chiqish kabi muhim jihatlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Shundan kelib chiqqan holda, vazirlik tomonidan yangi, 2020 yil – tizimda korrupsiyaga qarshi kurash yili, deya e’lon qilinib, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olinishi va ijrosi qat’iy ta’minlanishi ta’kidlandi.
Keskin tanqidiy ruhda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida korrupsiyaga karshi kurash va ushbu illatni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
LiveBarchasi