SSSR xalqaro huquq sub’ekti sifatida yo‘q bo‘lmadi – Zaxarova
Olam
−
06 avgust 2022
13695Rossiya SSSRning xorijiy aktivlariga bo‘lgan huquqlari bahs mavzusi emas, ularni qayta ko‘rib chiqishga urinishlar qonuniy asosga ega emas. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristaykoning Rossiya sobiq SSSRning xorijdagi aktivlarining uchdan bir qismini Ukrainaga qaytarish talabiga javoban e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi.
“Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristaykoning bayonoti populistik va hech qanday asosga ega emas. SSSRning xorijiy aktivlariga bo‘lgan huquqlarimiz shubhasizdir, ularni qayta ko‘rib chiqishga urinishlar qonuniy asosga ega emas”, deydi Zaxarova.
Shu bilan birga, diplomat Rossiya SSSRning vorisi ekanligini, bu maqom xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganini, shuningdek, Xalqaro sud tomonidan tasdiqlanganini eslatgan.
“Xalqaro huquq nuqtai nazaridan, 1991 yilgi geosiyosiy o‘zgarishlar SSSRning xalqaro huquq sub’ekti sifatida yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmadi. “SSSR” nomi ostidagi davlat yo‘q bo‘lmadi, balki “Rossiya Federatsiyasi” nomi bilan xalqaro yuridik shaxsligini davom ettirdi. Xalqaro huquqda bunday hodisalarni belgilash uchun “vorislik” tushunchasi qo‘llaniladi. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi SSSRning vorisi hisoblanadi”, deya aniqlik kiritgan Zaxarova.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya qonuniy voris sifatida SSSRning tashqi davlat qarzini to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
“Ushbu maqomga asoslanib, Rossiya SSSRning xorijiy mulkiga egalik huquqini amalga oshiradi. Ajablanarlisi shundaki, ukrainalik diplomatlar qandaydir mulk huquqini talab qilishga urinib, Rossiya Ukraina va boshqa sovet respublikalari yordamiga murojaat qilmasdan to‘lagan SSSRning mavjud qarzini eslamaydilar”, degan TIV vakili.
U Moskvada bu masala butkul tartibga solingan masala sifatida qaralishini, SSSR mulklarining tegishliligi qayta ko‘rilmasligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi