Erdo‘g‘an Tramp bilan Rossiya-Ukraina masalasini muhokama qiladi (video)
Olam
−
02 yanvar 1676 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 5 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Ukraina mojarosini tartibga solish rejasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u bugun, 2 yanvar kuni jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Men ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, ham Tramp bilan aloqalarni davom ettiryapman. Dushanba kuni Parijda “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda mening nomimdan Tashqi ishlar vaziri ishtirok etadi. Dushanba kuni kechqurun esa men yana Tramp bilan gaplashaman va Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish hamda Falastin muammosini muhokama qilamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Qayd etish joiz, Turkiya rasmiylari bir necha bor Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun o‘z maydonini taqdim etishga tayyor ekanini bildirgan va Ukraina bo‘yicha yetakchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tishiga umid qilayotganini ta’kidlagan. Xususan, 2025 yilda Istanbulda Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida uch raundli muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, kecha, 1 yanvar kuni ham Anqarada Turkiya Tashqi ishlar vaziri va razvedka rahbari Hoqon Fidan hamda Ibrohim Qalin Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov bilan muzokaralar olib bordi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 28 dekabr kuni Tramp va Zelenskiy AQSHda muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuv yakunida tomonlar Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha ehtimoliy kelishuv masalasida pozitsiyalar sezilarli darajada yaqinlashganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ular tartibga solishning asosiy parametrlari, eng avvalo hududiy masala va Donbassning kelajagi hanuz yechilmaganini tan oldi.
Live
Barchasi