Sport o‘yinlarini litsenziyasiz namoyish qilgan restoranlar ogohlantirildi
3-sahifa
−
05 avgust 2869 2 daqiqa
Mualliflik va turdosh huquqlarni buzib, sport o‘yinlarini translyatsiya qilgan “Bavaria plaza”, “Guten”, “Dudek”, “Myata”, “Brasserie” va “Woodu” kabi restoranlar Adliya vazirligi tomonidan ogohlantirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan “Eurasian broadcasting enterprise limited” kompaniyasiga (Buyuk Britaniya) tegishli “Setanta Sports” kanallari ruxsatsiz ommaviy tarzda namoyish etilishi yuzasidan qonuniy chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaat ko‘rib chiqilgan.
Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Setanta Sports” kanallari “Bavaria plaza”, “Guten”, “Dudek”, “Myata”, “Brasserie” va “Woodu” umumiy ovqatlanish joylarida huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs ruxsatisiz foydalanilgani aniqlangan. Holat yuzasidan ushbu sub’ektlar qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirilgan.
“Shu o‘rinda asarlar va turdosh huquq ob’ektlaridan umumiy ovqatlanish joylarida foydalanishda mualliflik va turdosh huquqlarga qat’iy rioya qilinishini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif yoki huquq egasi huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Sevimli” telekanali Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1771-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish)ga muvofiq jarimaga tortilgandi.
Live
Barchasi