SpaceX geomagnit bo‘roni natijasida 40 ta sun’iy yo‘ldoshini yo‘qotdi
Texnologiya
−
11 fevral 2022
7713AQSHning SpaceX xususiy aerokosmik kompaniyasi joriy yilning 3 fevral kuni orbitaga chiqarilgan 49 ta Starlink internet sun’iy yo‘ldoshidan taxminan 40 tasini geomagnit bo‘roni natijasida yo‘qotdi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.
“Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatdiki, past balandlikda qarshilik kuchayishi sun’iy yo‘ldoshlarga xavfsiz rejimdan chiqib, orbitani to‘g‘rilashni boshlashga imkon bermadi, 40 ga yaqin sun’iy yo‘ldosh Yer atmosferasiga qaytadi yoki allaqachon qaytgan”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, bo‘ron tufayli havo qarshiligi avvalgi uchirilishlarga qaraganda 50 foizga kuchliroq bo‘lgan. Mutaxassislar qarshilikni kamaytirish uchun mini-sun’iy yo‘ldoshlarni xavfsiz rejimga o‘tkazishga qaror qilgan, ammo bu choralar yordam bermagan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, orbitasidan chiqarilgan qurilmalar boshqa sun’iy yo‘ldoshlar uchun xavf tug‘dirmaydi va ular Yer atmosferasiga kirganda yonib ketishga mo‘ljallangan.
49 ta Starlink internet sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi Falcon 9 og‘ir raketa tashuvchisi yordamida 3 fevral kuni AQSHning Sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan soat 13:13 da Florida shtatidagi Kanaveral burni kosmodromidagi 39A uchirish majmuasidan amalga oshirilgan.
SpaceX orbital guruhi har birining og‘irligi 290 kilogramm bo‘lgan ikki mingdan ortiq kosmik kemadan iborat. Hozirda kompaniya dunyodagi eng yirik sun’iy yo‘ldosh operatori hisoblanadi.
LiveBarchasi