Sovg‘a berish ham korrupsiyaning bir ko‘rinishi - BMT Taraqqiyot Dasturi eksperti
Jamiyat
−
13 dekabr 2019
5439Hattoki, biror xizmat evaziga rozilik bilan sovg‘a berish ham korrupsiyaning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu sobiq ittifoq mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham urchigan illat. Bu haqda BMT Taraqqiyot Dasturi eksperti Aida Arutyunova bugun, 13 dekabr kuni poytaxt Toshkentdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlari: yutuqlar va ustuvor vazifalar” mavzusidagi xalqaro forumda ma’lum qildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Ruspublikasi Adliya vazirligi, BMTning Taraqqiyot Dasturi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi, jurnalistlar va boshqalar ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha turli sohalarda bo‘ladigan korrupsiya qiymati 2,6 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi va u dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizini tashkil qiladi. Shundan 1,5 trillion AQSH dollari pora ko‘rinishida bo‘ladi. Korrupsiya millatni qashshoqlikka boshlovchi unsur bo‘lib, uning foizi yildan-yilga sezilarli darajada ortib bormoqda. Unga qarshi kurashishda yangi uslublardan foydalanish davr talabi bo‘lib qolmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hukumat qilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida BMT Taraqqiyot Dasturi eksperti Aida Arutyunova QALAMPIR.UZ’ga o‘z fikrlarini ulashdi:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb masala. Unga qarshi kurashishda masalaning huquqiy jihatlariga e’tibor qaratish lozim. Bunda insonlarda huquqiy madaniyatni oshirish talab etiladi. Shu bilan birga, jamiyatda qonunlarning ijro mexanizmi ishlashi kerak. Boshqa tarafdan, hukumat korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi holatlarga chek qo‘yishi darkor. Shuningdek, agar davlat rostan ham korrupsiya miqdorini sezilarli darajada kamaytirmoqchi bo‘lsa, fuqarolarda unga nisbatan nafratni ko‘paytirish kerak. Buni amalga oshirishda ta’lim tizimidan foydalanish zarur.
Hattoki, biror xizmat evaziga rozilik bilan sovg‘a berish ham korrupsiyaning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Ko‘pincha sobiq ittifoq davlatlari hududida bu holatga oddiy qaraladi. Korrupsiya miqdorini minimallashtirish jarayonida sovg‘a berish uning bir ko‘rinishi ekanini yangi avlodga tushuntirib borish lozim”, deydi BMT Taraqqiyot Dasturi eksperti.
U yana fuqarolar davlat tomonidan shakllantirilayotgan, sarflanayotgan byudjet haqida befarq bo‘lmasdan doimiy ma’lumotga ega bo‘lib borishi, boshqa tarafdan bu ma’lumotlar fuqarolar erkin ola olishi uchun ochiq bo‘lishi kerakligi haqida tushuntirdi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ham bunga sharoit yaratib berishi lozim. Davlatda bu sohada olib borilayotgan islohotlar bir-ikki yilda natija bermasligi, bu narsa vaqt talab qilishini aytib o‘tdi.
“Transparency international” tashkilotining 2018 yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekiston baholash mezonlarida 100 balldan 30 ball olib 180 ta davlat ichida 158-o‘rinni egallagan.