Falastinning BMTga a’zo bo‘lishi masalasi qachon ovozga qo‘yilishi aytildi

Olam

image

BMT Xavfsizlik kengashi ertaga, 19 aprel kuni Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish so‘rovini ovozga qo‘yadi. Rezolyutsiya loyihasida BMT Bosh Assambleyasiga “Falastin davlatini Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilish” tavsiya etiladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Agentlikning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar bu qadamni bloklashi kutilmoqda, chunki Falastinni BMTga qabul qilish uni davlat sifatida tan olishni anglatadi.

Rezolyutsiyani qabul qilish uchun 15 tadan kamida 9 ta davlat yoqlab ovoz berishi, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya yoki Xitoy tomonidan veto qo‘yilmasligi kerak. Diplomatlarning ta’kidlashicha, bu chora kengashning 13 a’zosi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin, bu esa AQSHni veto qo‘yishga majbur qiladi.

Rezolyutsiya loyihasini ilgari surgan Jazoir Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq bo‘yicha yig‘ilishiga to‘g‘ri kelishi uchun payshanba kuni tushdan keyin ovoz berishni so‘ragan. Qo‘shma Shtatlar esa mustaqil Falastin davlatini yaratish BMTda emas, balki mojaro ishtirokchilari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlaydi.

"Axios" portalining manbalariga ko‘ra, Amerika Prezidenti ma’muriyati so‘nggi ikki hafta ichida Falastin Prezidenti va uning maslahatchilariga BMTga a’zolik arizasini qaytarib olish uchun bosim o‘tkazgan. Amerika rasmiylari ikki hafta davomida deyarli har kuni falastinlik hamkasblari bilan bu masalani muhokama qilgan va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Mahmud Abbos bilan telefon suhbatida bu masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘targan.

Yuqori martabali bir amaldorning nashrga aytishicha, Bayden ma’muriyati Abbos, agar Bayden bilan Oq uyda uchrashishga taklif qilinsa, taklifni to‘xtatib qo‘yadimi yoki yo‘qmi, deb so‘ragan, biroq Falastin Prezidenti rad javobini bergan.

Isroil rasmiysining portalga aytishicha, Falastin taklifi Jazoir, Gayana, Xitoy, Malta, Mozambik, Rossiya, Sloveniya va Serra-Leone tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda. Buyuk Britaniya ovoz berishda betaraf qolishi mumkin.

"AQSH va Isroil Fransiya, Shveysariya, Ekvador, Janubiy Koreya va Yaponiyani Falastin taklifiga qarshi ovoz berishga yoki ovoz berishda betaraf bo‘lishga ko‘ndirmoqda. Shu bilan birga, agar urinishlar natija bermasa, AQSH rezolyutsiyaga veto qo‘yishi kutilmoqda", deb xabar bermoqda portal manbalariga tayanib.

Falastin ayni damda BMTga a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘liq a’zosi bo‘lish uchun ariza Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanishi va keyin Bosh Assambleya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing