“Sotsializm uchun kurash”: Si va Kim nimalarga kelishib oldi?
Olam
−
09 iyun 4683 2 daqiqa
XXR Raisi Si Szinpin 2019 yildan beri ilk bor Shimoliy Koreyaga tashrif buyurdi. KXDRga so‘nggi yetti yil ichidagi ilk davlat tashrifi davomida u Kim Chen In bilan uchrashdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Ushbu tashrif Xitoy uchun yagona hisoblangan Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi mudofaa shartnomasi tuzilganligining 65 yilligiga bag‘ishlangan.
“Reuters”ning xabar berishicha, Xitoy yetakchisi XXR Shimoliy Koreya bilan umumiy chegaralar va ustuvor yo‘nalishlarni himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlaridan voz kechmasligini ma’lum qilgan. Kim Chen In bilan uchrashuvda u qo‘shnilar strategik aloqalarni mustahkamlashi, shuningdek, o‘z suvereniteti va xavfsizligini qat’iy himoya qilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
O‘z navbatida, Kim Chen In Xitoy bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorligini bildirgan. KXDR rahbari “ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha sohalardagi aloqalar va hamkorlikning jadal rivojlanishini” yuqori baholagan.
“Xalqaro vaziyatning o‘zgarishidan qat’i nazar, bizning partiyamiz va hukumatimiz XXR partiyasi va hukumatining “yagona Xitoy” tamoyili asosida hayotiy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan siyosati va pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Kim Chen In.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash niyatini tasdiqlagan.
Shimoliy Koreya rahbari Si Szinpin sharafiga qabul marosimi uyushtirgan. Kim Chen In bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “sotsializm uchun kurashning yagona yo‘lida ikki mamlakat xalqlarining go‘zal kelajagini birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan barpo etish irodasi yana bir bor tasdiqlanganini” qayd etgan.
Xitoy va Shimoliy Koreya “Koreya-Xitoy munosabatlarini rivojlantirishning yangi bosqichini” boshlashga kelishib olgan. Xususan, ular KXDR va XXR o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma tuzilganligining 65 yilligi munosabati bilan ikki mamlakatda tantanali tadbirlarni yo‘lga qo‘yishga qaror qilingan. Shuningdek, ikki partiya o‘rtasidagi oliy darajadagi aloqalarni kuchaytirish, barcha sohalarda, jumladan, siyosiy, iqtisodiy va madaniy yo‘nalishlarda tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingan.
Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy muammolar, har ikki davlat suvereniteti, xavfsizligi va rivojlanish manfaatlarini himoya qilish yo‘llari yuzasidan fikr almashgan. Murakkab dunyo siyosiy vaziyatida mintaqada va umuman sayyorada tinchlik hamda taraqqiyotni saqlab qolish masalalari muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Si Szinpin 2019 yildan beri ilk bor Shimoliy Koreyaga tashrif buyurgani haqida xabar qilingan edi. Uning safari kecha, 8 iyun kuni va bugun, 9 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi