“Sonnat” zanjiri fosh etildi
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
99372000 dona, taxminiy summasi 15 million so‘mga teng bo‘lgan psixotrop tabletkalar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan Respublika hududida muomalasi cheklangan psixotrop dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlanib, 4 nafar shaxs qo‘lga olindi. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar yakunida “Sonnat” zanjiri fosh etilib, jami 2000 dona, taxminiy summasi 15 million so‘mga teng bo‘lgan psixotrop tabletkalar savdosiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan viloyat hududi bo‘ylab giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi muntazam tadbirlar o‘tkazilib kelinadi. Bu kabi tadbirlarning navbatdagisi internet ijtimoiy tarmog‘idan boshlandi. Dastlab fuqaro M.R. Telegram tarmog‘i orqali tarkibida psixotrop bo‘lgan “Sonnat” dori vositalarini virtual savdoga qo‘yganligi aniqlanadi.
Shundan so‘ng tezkor xodimlar M.R. bilan Telegramʼda xufiyona aloqa o‘rnatdi. Tarmoqdagi muloqotda M.R. “Sonnat” psixotrop dori vositasining har bir qutisini 72 ming so‘mdan yetkazib berishni taklif qiladi. Shu tariqa 70 quti, jami 700 dona tabletkani 5 million 40 ming so‘m evaziga sotib olish uchun buyurtmani qabul qiladi. Kelishuvga ko‘ra, M.R. ushbu dori vositalarini “Andijon—Toshkent” yo‘nalishidagi taksi haydovchisidan berib yuborishini va kelishilgan pulni ham shu haydovchi orqali qabul qilishini aytadi.
Joriy yil 4 noyabr kuni “Andijon—Toshkent” yo‘nalishidagi taksi haydovchisi Toshkent viloyati, Nurafshon shahri hududiga 70 ta qutida, jami 700 dona O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalasi cheklangan “Sonnat” (“Zopiklon”) dori vositasini olib kelgan vaqtida xolislar ishtirokida ushlanib, dori vositalari daliliy ashyo sifatida olinadi. Taksi haydovchisi ushbu tabletkalarni Andijondan M.R. ismli ayol berib yuborganligini aytadi.
Tezkor xodimlar ushbu natija bilan cheklanib qolmay, tadbirni davom ettirib, Andijon shahriga boradi. Andijon shahrida yashovchi M.R. ismli ayolning to‘liq shaxsini aniqlab, kelishilgan 5 million 40 ming so‘m pulni taksi haydovchisidan olayotgan vaqtida ushlandi.
M.R. “Sonnat” psixotrop moddasini Andijon shahridagi dorixonada farmatsevt-sotuvchi bo‘lib ishlovchi tanishi B.T.dan jami 4 million 270 ming so‘m evaziga sotib olganligini bildiradi.
Davom ettirilgan tezkor tadbirda M.R. orqali B.T.ga yana 100 ta quti, jami 1000 dona “Sonnat” psixotrop moddasiga buyurtma beriladi. U bunga rozi bo‘lib, ushbu dorilarni jami 6 million 100 ming so‘m evaziga M.R.ga sotayotgan vaqtida Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Kalavaning tagiga yetish kerak, tezkor tadbir davom etadi. Qo‘lga olingan farmatsevt-sotuvchi B.T. surishtiruv davomida ushbu dorilarni tanishi Andijon shahrida yashovchi B.A. ismli shaxsdan har bir qutisini 57 ming so‘mdan sotib olayotganligini ma’lum qilgan.
Zanjirning oxirgi halqasi Andijon shahri, “Al-Buxoriy” mahallasida yashovchi ikkinchi farmatsevt B.A.ga borib taqaldi. Unga ham 30 quti, jami 300 dona “Sonnat” psixotrop moddasi buyurtma qilinadi va u ham dorilarni sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shu tariqa daromad topish uchun sog‘lom jamiyatga raxna soluvchi yana bir zanjir uzildi”, deyiladi xabarda.
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi