Son Xyon Min “Tottenxem”dan ketishini e’lon qildi
Sport
−
02 avgust 5388 2 daqiqa
Janubiy koreyalik hujumchi Son Xyon Min Angliyaning “Tottenxem” klubi safini tark etishini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 2 avgust kuni ertangi “Nyukasl”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan Seulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Matbuot anjumanini boshlashdan avval yozda klubni tark etish qarorini qabul qilganimni bildirmoqchiman. Klub bu qarorni qabul qilishimda menga hurmat bilan yordam bermoqda. Bu mening faoliyatimdagi eng og‘ir qaror bo‘ldi. Juda ko‘plab ajoyib xotiralar bor. Bunday qaror qabul qilish juda qiyin bo‘ldi. O‘zimni rivojlantirishni davom ettirish uchun yangi muhit zarur. Biroz o‘zgarishlarga ehtiyoj bor. 10 yil – bu juda katta muddat. Men Shimoliy Londonga yoshligimda – 23 yoshimda kelgan edim. Endi esa bu klubni yetuklikka erishgan, faxrli erkak sifatida tark etyapman. “Tottenxem” muxlislariga bergan muhabbati uchun minnatdorlik bildiraman. Umid qilamanki, bu xayrlashuv o‘z vaqtida ro‘y bermoqda va hozir aynan shunday qaror uchun to‘g‘ri payt. Hammaning buni tushunib, hurmat bilan qabul qilishiga umid qilaman”, deydi Son.
Shuningdek, u bu haqda jamoadoshlariga gapirish og‘ir bo‘lganini, chunki ular bilan ba’zida oila a’zolaridan ham ko‘proq vaqt o‘tkazishini aytgan.
“Men bu qarorni ancha oldin qabul qilganman. So‘nggi kunlar oson kechmadi. Tashqaridan ko‘nglimni ko‘tarib yurish oson bo‘lmadi, lekin klub yoki jamoadoshlarimga zarar yetkazmaslik uchun qo‘limdan kelganini qildim. Garchi qaror allaqachon qabul qilingan bo‘lsa-da, qolgan ikki kun davomida muxlislar bilan yaxshi xotiralarni yaratmoqchiman”, dedi Son.
Ma’lumot uchun, Son 2015 yildan beri “Tottenxem”da to‘p surib kelayotgandi va bu davr mobaynida klub bilan faqat bir marta – joriy yilda Yevropa Ligasini yutdi. O‘tgan mavsumda Son Angliya Premer-ligasida 30 ta o‘yinda maydonga tushdi va “Tottenxem” safida gol+pas ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yaxshi futbolchiga aylandi – u jami 16 ochko to‘pladi (7 ta gol va 9 ta golli uzatma).
Unga AQSHning “Los-Anjeles” klubi rasmiy taklif bergani haqida xabarlar bor. Lekin uning “Tottenxem” bilan amaldagi shartnomasi tugashiga hali bir yil bor.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr