Somon yo‘lidan 32 baravar katta galaktika topildi

Bu qiziq

image

Astronomlar 3,3 million yorug‘lik yili uzoqligida bo‘lgan yangi kosmik ob’ekt – ulkan radio-galaktikani aniqladi. U Inkathazo deb nomlandi – bu zulu va kosa tillarida “muammo” degan ma’noni bildiradi. Ushbu galaktika Janubiy Afrikadagi MeerKAT radioteleskopi tomonidan kashf qilingan bo‘lib, tadqiqot natijalari “Monthly Notices of the Royal Astronomical Society” (MNAS) jurnalida chop etilgan.

Radio-galaktikalar – kosmik ob’ektlar bo‘lib, ularning markazida joylashgan ulkan qora tuynuklar millionlab yorug‘lik yillariga cho‘ziluvchi issiq plazma oqimlarini chiqaradi. Bu oqimlar radiochastotalarda kuzatiladi. Ammo Inkathazo boshqa shunday galaktikalardan ajralib turadi: uning oqimlaridan biri tik yoyilish o‘rniga egilgan shaklga ega. Buning ustiga, u galaktikalar to‘dasining markazida joylashgan bo‘lib, u yerdagi gaz bunday yirik strukturalar shakllanishiga qarshilik ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Tadqiqot mualliflaridan biri – Keyptaun universiteti magistranti Katlin Charlton Inkathazo‘ni tushuntirish qiyinligini ta’kidladi.

“Bu galaktika boshqa gigant radio-galaktikalarga o‘xshamaydi”, deydi u.

Tadqiqotlarga ko‘ra, galaktikadan chiquvchi plazma oqimlari galaktikalar orasidagi issiq gaz bilan to‘qnashganda qo‘shimcha energiya olmoqda. Keyptaun universitetidan doktor Kshitij Toratning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar mavjud modellarni shubha ostiga qo‘yadi va plazma fizikasi to‘liq tushunilmaganini ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, bu kabi galaktikalar ko‘pincha Yevropa teleskoplari orqali shimoliy yarim sharda kuzatilgan. Ammo MeerKAT teleskopi Janubiy Afrikada joylashgan holda kichik hududda uchta shunday galaktikani aniqladi. Ushbu teleskop kelajakda faoliyat boshlaydigan Square Kilometer Array (SKA) loyihasining oldingi bosqichi hisoblanadi.

“Biz radioastronomiyaning yangi davri ostonasidamiz va kelajakda olamning yanada ko‘p sirlarini ochishni va’da qilamiz”, dedi doktor Jasinta Deleyz.

Olimlarning fikricha, Inkathazo kashfiyoti katta kosmik ob’ektlarning evolyutsiyasi va tabiati haqida chuqurroq tushunchaga erishishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro olimlar guruhi Marsda qadimda muzdan holi suv havzalari mavjud bo‘lganini tasdiqlovchi to‘lqin izlarini aniqlagani xabar qilingandi. Ushbu izlar tosh jinslarda saqlanib qolgan bo‘lib, ular taxminan 3,7 milliard yil avval Marsning iqlimi suvni yuzada suyuq holda saqlash uchun yetarli darajada iliq va zich bo‘lgan davrda paydo bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

galaktika Somon yo'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing