Soliq organlarining ma’lumotlari ochiq e’lon qilinadi – Qudbiyev
Jamiyat
−
01 dekabr 2022
5017Davlat soliq xizmati organlarining faoliyati yanada shaffof bo‘ladi va har bir jarayon bo‘yicha raqamlarda ifodalangan ko‘rsatkichlar ochiq e’lon qilinadi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Facebook’dagi sahifasida yozgan.
Qudbiyevning ta’kidlashicha, soliq organlari jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishga tayyor.
“So‘nggi paytlarda soliq organlari soliq ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha katta yo‘lni bosib o‘tdi va bu borada hali ko‘p ishlarni qilishimiz lozim. Shu bilan birga, bugungi kunda soliq organlari jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga olingan ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishga tayyor”, deyiladi Qudbiyevning postida.
Shu munosabat bilan Davlat soliq qo‘mitasi raisi soliq organlari faoliyatiga doir ko‘rsatkichlar bo‘yicha axborotlarni muntazam e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotganini qayd etdi.
Sherzod Qudbiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar har oyda davriy ravishda e’lon qilib boriladi hamda ular jamoatchilikka soliq ma’murchiligining strukturasi va dinamikasini ko‘rish, ularning ijobiy va salbiy tendensiyalarini kuzatib borish imkonini beradi.
Soliq qo‘mitasi rahbari joriy yilning 1 dekabridan e’tiboran har kuni e’lon qilinadigan axborotlarni kuzatib borishni tavsiya qildi.
LiveBarchasi