Soliq qo‘mitasi Aksilkorrupsiya agentligiga raddiya berdi
Jamiyat
−
25 dekabr 2021
11051Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ulushi Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan ayrim ko‘chmas mulklar haqidagi ma’lumotlar qo‘mitaning rasmiy axborot manbalari orqali e’lon qilinmaganligi haqida xabar berdi. Soliq qo‘mitasi tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ochiq ma’lumot sifatida e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlanib, qo‘mita rasmiy veb-saytining ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirib boriladi.
“Shu jumladan, qo‘mita tasarrufidagi korxonalar hamda ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (quyi tashkilotlar ma’lumotlari) eng so‘nggisi 2021 yil 18 oktyabrda joylashtirilgan. Ushbu ma’lumotlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lganda tegishli tartibda yangilab boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Davlat soliq xizmati organiga aloqador ma’lumotlari haqiqatga mos kelmaydi”, deyiladi DSQ xabarida.
Ta’kidlash joizki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganishlar o‘tkazib, 10 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, Moliya, Adliya va Xalq ta’limi vazirliklari, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklaritomonidan Farmonning yuqoridagi bandlari ijrosini ta’minlashda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi