Soliq imtiyozlari tufayli 21,5 trln so‘m mablag‘ davlat byudjetiga tushmay qoldi
Jamiyat
−
24 yanvar
7520Soliq qo‘mitasining xabar berishicha, 2023 yilning yanvar-noyabr oylarida 117 mingdan ortiq tashkilot umumiy qiymati 21,5 trln so‘mdan ortiq miqdordagi soliq imtiyozlaridan foydalangan. Ya’ni, davlat byudjetiga tushishi kerak bo‘lgan 21,5 trln so‘m (1 mlrd 741 ming dollar) belgilangan imtiyozlar tufayli soliq to‘lovchi korxonalarning o‘zida qolgan.
Bunda:
- 2 610 ta korxona moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 13,3 trln so‘mlik QQSsiz operatsiyalarni amalga oshirgan;
- 7 577 ta korxona 25,7 trln so‘m miqdorida QQS "nol" stavkasini qo‘llagan.
2024 yilda soliq imtiyozlari tufayli yo‘qotiladigan byudjet tushumi miqdori yanada ortishi mumkin. Chunki davlat tomonidan 2024-2026 yillarda quyidagi tadbirkorlik sub’ektlari va yuridik shaxslarga soliq imtiyozlari berildi.
2024 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar "Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi”da ishtirok etadigan tijorat banklarining loyihalar uchun ajratilgan bank kreditlari bo‘yicha olingan foizlar tarzidagi daromadlari foyda solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadlarida chegiriladigan xarajatlar sifatida e’tirof etiladi.
2024 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvarga qadar “Izlanish va rivojlanish” markazlarining ob’ektlari va ular egallagan yer uchastkalari uchun yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.
2028 yil 1 yanvarga qadar xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan va jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovar (xizmat)larni realizatsiya qilishga doir aylanma QQSdan ozod qilinadi.
2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrga qadar qimmatbaho, rangli yoki radioaktiv metallarni, nodir elementlarni hamda uglevodorod xomashyosini qazib oluvchi va ularni texnogen mineral hosilalardan ajratib oluvchi yuridik shaxslarga nisbatan maxsus renta solig‘i solinmaydi. Mazkur qoida qazib olish 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda boshlangan yer qa’ri uchastkasiga nisbatan qo‘llaniladi va bu bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishning butun davri uchun tatbiq etiladi.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi