Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lib yuborilgan vazirlik binosiga ko‘chib o‘tdi
Jamiyat
−
23 mart 2021
6306O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi binoda ish boshladi. Bu haqda vazirdik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan yilning 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimiga bag‘ishlab videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi zamonaviy talablarga javob bermay qolgani haqida bildirilgan fikrlarga javoban davlat rahbari tomonidan bu masalaga e’tibor berish va yechim topish bo‘yicha topshiriq berilgan. Shuningdek, yig‘ilishda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining avvalgi binosini SSVga berish bo‘yicha taklif ilgari surilgan edi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, Navro‘z ayyomi kunlarida vazirlik markaziy apparati yangi binoda ish boshladi.
“Uzoq yillardan beri vazirlik o‘rnashib kelgan Navoiy ko‘chasidagi 12-uy vazifalari kengayib borayotgan vazirlik talablariga javob bermay qolgan edi”, deyiladi xabarda.
SSV ko‘chib o‘tgan Navoiy ko‘chasidagi 4-uy yangidan ta’mirlangan, barcha zamonaviy imkoniyatlarga ega.
Ma’lumot uchun, SSVning yangi binosi bundan avval sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi binosi bo‘lgan. Hozirda bu vazirlik ikkita alohida Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklariga bo‘lingan.