Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyada ayblanib, hibsga olindi
Olam
−
06 iyun 2022
57700Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev hibsga olindi. Bu haqda mahalliy matbuot xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bishkek shahar Oktyabr tuman sudining joriy yil 4 iyundagi qarori bilan Alimqodir Beyshenaliyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hibsga olish muddati bir oy.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov imzolagan farmonga ko‘ra, bu davr mobaynida Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini vazir o‘rinbosari Jarqinbek Qosimbekov bajaradi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 iyuni kuni Beyshenaliyev korrupsiyaga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Mamlakat Bosh prokuraturasi vazir va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan beshta korrupsiya ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Xususan, prokuratura mansabdor shaxslar koronavirusga qarshi vaksinalar bilan firibgarlikda gumon qilinayotgani, buning natijasida davlatga 1,58 milliard som (18,6 million dollar) miqdorida zarar yetkazilgani qayd etilgan.
Beyshenaliyev o‘tgan yilning kuzida Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan edi. U, shuningdek, kuchli zaharli o‘simlik bo‘lgan akonit bilan koronavirus infeksiyasini davolashni faol himoya qilish bilan mashhur.
Vazir o‘zining hibsga olinishini izohlarkan, buni "mamlakat Bosh prokurorining qasosi" deya ta’rifladi
LiveBarchasi