Sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Sport

image

Byudjetdan ajratilgan juda ko‘p miqdordagi pullarni rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganligi uchun sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishchi guruh tomonidan sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ayrim mansabdor shaxslari tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Jumladan, 2019 yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan turnir hamda o‘quv yig‘ini mashg‘ulotida  O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirokini ta’minlash uchun davlat byudjetidan 334,0 mln so‘m, 20,680 yevro va 1500 AQSH dollari ajratilgan. Biroq, o‘rganishlar davomida ushbu xalqaro tadbirlar uchun sarflangan mablag‘larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 2019 yilda Tokio va Pekin shaharlarida sinxron suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda 
mas’ullar 1015 AQSH dollari miqdorida ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘ygan.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan 2020 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan sport jihozlari sotib olish uchun “Mashxim” MCHJ, “Arabboy sport” XK va “Sport jihoz lyuks” XKlari bilan 45 ta holatda 15 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan. O‘rganishda 6 ta shartnoma bo‘yicha sotib olingan 2,9 mlrd so‘mlik jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan. 

O‘rganish yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

"Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha prokuratura idoralari tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasining 3-qismi, “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi agentlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Jismoniy tarbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing