Sobiq vazirning xotini o‘ldirilishi bo‘yicha tergov yakunlandi

Olam

image

Qozog‘iston sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirishi bo‘yicha tergov yakunlandi. Bu haqda Saltanat Nukenova oilasining advokati Janna O‘razbaxova ma’lum qildi. 

“Ayni damda biz ushbu ish bo‘yicha o‘tkazilgan barcha tekshiruvlar bilan tanishib chiqdik. Ammo jinoyat ishi materiallarini hali to‘liq ko‘rganimiz yo‘q. Men bunday ishlarda juda katta tajribaga egaman. Men ilgari qotillik ishlarida qatnashganman, lekin hatto ekspertlarning xulosalaridan hayratda qoldim. Men hech qachon bunday shafqatsizlik va sovuqqonlikni ko‘rmaganman. Ayni damda Saltanatning yaqinlariga hurmat yuzasidan qotillik tafsilotlarini oshkor eta olmaymiz”, deydi Janna Urazbaxova.

Uning eslatishicha, bu ish bo‘yicha Kuandik Bishimbayevning ukasi ham hibsga olingan. Avvalroq Ostona bosh prokurori qotillik sodir bo‘lgan joy “Gastromarkaz”ning hibsga olingan direktori gumonlanuvchining qarindoshi ekanini ma’lum qilgandi.

“Amaliyotga asoslanib, gumonlanuvchining ukasi Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 434-moddasi (Jinoyat haqida xabar bermaslik) bo‘yicha ayblanishi kerak”, deb hisoblaydi advokat.

Tomonlar ish materiallari bilan tanishib, iltimosnomalar kiritgach, ish yakuniy qaror uchun prokuraturaga yuboriladi.

Saltanat Nukenova Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lib, 31 yoshda edi. Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq jism bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘rilikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bishimbayev umrbod qamoq jazosini olishi mumkin. Bu ishni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsiy nazoratiga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

tergov Kuandik Bishimbaev Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing