Janubiy Koreya sobiq prezidentining uyida tintuv o‘tkazildi

Olam

image

Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolning Seuldagi xonadonida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Tintuv maxsus prokuror Li Myon Xyon boshchiligidagi guruh tomonidan 2023 yilda halok bo‘lgan dengiz piyodasi Chxe Su Gin ishi bo‘yicha tergov doirasida amalga oshirilgan. Uch soat davom etgan tintuv chog‘ida sobiq prezidentning uyidan mobil telefon musodara qilingan. Tintuv vaqtida Yun Sok Yolning xonadonida faqat uning rafiqasi bo‘lgan.

2023 yilning yozida qidiruv amaliyoti paytida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining o‘limi yuzasidan olib borilayotgan tergovga Yun Sok Yol aralashganlikda gumon qilinmoqda. Prezident yuqori lavozimli harbiylar javobgarligini ko‘rsatgan tergov xulosasidan norozi bo‘lgan, degan taxmin mavjud.

Yangi Prezident Li Chje Myon iyun oyida uchta alohida tergov guruhini tuzgan – harbiy holat bilan bog‘liq voqealar, dengiz piyodasining o‘limi va Yun Sok Yolning rafiqasi atrofidagi korrupsiya shubhalari bo‘yicha.

10 iyul kuni Seul markaziy okrug sudi maxsus prokuror Cho In Sokning iltimosiga binoan Yun Sok Yolni hibsga olish to‘g‘risida order bergan. 9 iyul kuni u hibs buyrug‘i bo‘yicha sud majlisidan keyin Seuldagi Uivang shahridagi tergov izolyatoriga joylashtirildi va unga 3617-raqamli mahbus maqomi berildi. U 6,6 kvadrat metrli yolg‘iz kameraga joylashtirilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, sobiq prezident tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, bo‘yi va vazni o‘lchangan, suratga olingan va maxsus libos berilgan. Kamera ichida bukiladigan stol, rakovina, hojatxona, televizor va kuniga 50 daqiqa ishlaydigan ventilyator mavjud. So‘nggi kunlarda Seulda issiqlik rekord darajada bo‘lgani sababli Yun sok Yolga boshqalardan alohida vaqtda dush qabul qilishga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy qilishga uringan. Shundan so‘ng, parlament uni qo‘zg‘olonga urinishda ayblab, impichment e’lon qildi.   

U qo‘zg‘olonga urinish haqidagi ayblovlarni rad etib, o‘zining qarorini “siyosiy jihatdan asosli” deb atagan va u davlatni muxolifatdan himoya qilish uchun qabul qilinganini ta’kidlagan. Yunning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat hukumat ishini falaj qilgan.

Joriy yilning iyun oyida mamlakatda muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida “Toburo” demokratik partiyasidan nomzod Li Chje Myon g‘alaba qozondi va byulletenlarning 100 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng u 49,4 foiz ovoz to‘pladi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Seul tintuv Yun Sok Yol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing