Sobiq ittifoq davlatlarining rahbarlari 9 mayni qanday nishonladi?
Olam
−
09 may 2020
15324Bugun 9 mayda dunyo Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabani nishonladi. Ayniqsa, Sobiq ittifoq davlatlari bu kunni alohida nishonlaydi. Kimdir xotira kuni sifatida kimdir g‘alaba kuni sifatida.
Sobiq Ittifoq rahbarlari ushbu kunda faxriylarni G‘alaba kuni bilan tabrikladilar va xotira tadbirlarida ishtirok etdilar. Keling ularni birma-bir bu kunni qanday o‘tkazganini ko‘rib chiqamiz.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Karpat ortida ish safari bilan bo‘lib, Ikkinchi Jahon urushida Ukrainani fashist bosqinchilaridan ozod qilish uchun janglarda halok bo‘lgan askarlarning qabrlari va Shon-sharaf tepaligidagi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Zelenskiy abadiy olov ostiga gul qo‘ygan va halok bo‘lgan askarlarga hurmat bajo keltirgan.
“Biz bu g‘alabaning qimmatli bahosini hech qachon unutmaymiz“, deydi Zelenskiy.
Kecha, 8 may kuni Zelenskiy Lugansk viloyatiga safari chog‘ida Ikkinchi Jahon urushi paytida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirgandi. Melovoy qishlog‘ida Prezident “Ukraina — ozod qiluvchilarga“ yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Prezident abadiy olovga gullar va haykal kompozitsiyasi yoniga shamchiroq qo‘ydi.
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili 9 may kuni Tbilisidagi Vake Bog‘ida noma’lum askar memorialiga gulchambar qo‘ydi. Gruziya Bosh vaziri Giorgi Gaxariya ham noma’lum askar memorialiga tashrif buyurar ekan, faxriylarga g‘amxo‘rlik qilish Gruziya hukumatining kundalik vazifasi ekanligini ta’kidladi.
“Bizning kichik mamlakatimiz ushbu urushda g‘alaba qozonish uchun 300 ming qahramonni fido qildi. Shuning uchun biz ularning xotirasini doimo hurmat qilishimiz kerak“ deydi Gaxariya.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning qaroriga binoan, 9 may kuni Ashxobodda Xalq xotirasi yodgorlik majmuasi oldida harbiy parad tashkil etildi. Kechasi poytaxtda mushak otildi.
Berdimuhamedov boshqa hamkasblari singari urush faxriyalarini ziyorat qildi, Ularga mukofotlar taqdim qildi.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon G‘alaba kunining 75 yilligi sharafiga Dushanbe shahridagi G‘alaba bog‘i xotirasiga gulchambar qo‘ydi. Ta’kidlanishicha, urushda halok bo‘lganlar xotirasiga Tojikiston Respublikasi Milliy Majlis, hukumat va Mudofaa vazirligi nomidan gulchambarlar qo‘yildi.
9 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaning 75 yilligi munosabati bilan ochilgan Gʼalaba bog‘i va Shon-sharaf muzeyiga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, Prezident bog‘ga tashrifni “Matonat madhiyasi” memorial majmuasiga gul qo‘yishdan boshladi. Majmua Toshkent viloyati Xonobod qishlog‘idan bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning asl taqdiriga asoslangan.
“Bu O‘zbekistonning barcha onalariga o‘rnatilgan yodgorlik. Memorial yodgorlik barchamiz uchun ziyoratgohga aylanadi“, deydi Prezident majmuaning ochilish marosimida.
Shuningdek, davlat rahbari G‘alaba bog‘i hududida joylashgan Shon-sharaf muzeyi bilan tanishdi. So‘ngra, G‘alaba bog‘i amfiteatrida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimda bir nechta urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar ishtirok etdi.
Mirziyoyev karantin rejimi tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bayramni uyda o‘tkazayotganidan afsusda bo‘lib, ularga minnatdorchilik va ezgu tilaklarni izhor etdi. O‘zbekiston Faxriylari Jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda respublikada 552 urush faxriysi, 30 mingga yaqin mehnat fronti faxriylari yashaydi.
9 may kuni Moldova Prezidenti Igor Dodon Parlament spikeri Zinaida Grechani va Bosh vazir Ion Kiku bilan birgalikda Kishinyovdagi harbiy shon-sharaf memorialiga gulchambar qo‘ydi va vatandoshlarni G‘alaba kuni bilan tabrikladi.
“9 may — bu G‘alaba kuni. Bu Moldova va Moldovaliklarga tegishli. 400 mingdan ortiq moldovaliklar Qizil Armiya, Qarshilik harakati saflarida, partizan otryadlarida, yer osti qismida fashistik bosqinchilar bilan jang qilishdi. 100 mingdan ortiq moldavan askarlari jangda halok bo‘ldi. Vatan mustaqilligi va Yevropa xalqlarini fashizm dahshatlaridan ozod qilish uchun ular jonini fido qildi “, deydi Dodon.
Qizil Armiya tarkibida Moldovaning 400 mingga yaqin tub aholisi jang qilgan. Ularning 250 ming nafari mukofotlandi, 19 kishi Sovet Ittifoqi Qahramonlari bo‘ldi. Bugungi kunda Moldovada 400 dan kam veteranlar yashaydi. Mamlakatdagi SSSR Qahramonlarining birortasi ham tirik emas.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Moldovada “O‘lmas polk“ yurishi, mitinglar va boshqa ommaviy tadbirlar qoldirildi.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan possovet davlatlari rahbarlariga, shuningdek Gitlerga qarshi koalitsiyaga a’zo davlatlar, taniqli siyosiy arboblar va integratsiya tuzilmalari rahbarlariga tabriklar yo‘lladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga tabriknomasida Belorus davlatining rahbari “bu tarixiy voqea insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz va halokatli urushda o‘z ona yurtining tinchligi va mustaqilligini himoya qilgan Sovet xalqining jasoratini sharaflaydigan har bir kishi uchun muqaddas bayramdir“ deb ta’kidladi.
Belarusda koronavirus xavfiga qaramay harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Buni Lukashenko eng muhim qoldirib bo‘lmas tadbirlardan deb hisoblagani uchun o‘tkazdi. Lekin, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu parad mamlakatda koronavirus tarqalishini avj olishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva 9 may kuni Sovet Ittifoqi Qahramoni Hazi Aslanovning memorial majmuasini ziyorat qildi. Uning haykaliga gulchambar qo‘ydilar va urush paytida halok bo‘lgan barcha ozarbayjonlarga hurmat bajo keltirdilar.
Ozarbayjon boshqa sobiq ittifoq mamlakatlari singari ushbu kunni keng miqyosda nishonlamadi. Majmuaga ham mamlakatning ikki rahbari (Prezident va vitse-prezident) ortiqcha odamlarsiz tashrif buyurdi. Na harbiy orkestr na faxriylar ushbu marosimda ishtirok etdi.
LiveBarchasi