Sobiq ichki ishlar vaziri prezidentlikka da’vo qildi
Olam
−
12:29 1274 2 daqiqa
Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri, siyosatchi Omurbek Suvonaliyev mamlakatda 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashish niyati borligini bildirdi. Bu haqda u kecha, 24 sentyabr kuni “Azattik” radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Omurbek Suvonaliyev o‘zini ko‘p yillardan beri siyosat bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs sifatida saylovda amaldagi prezidentga raqobat qila oladigan nomzod deb hisoblashini aytgan. U shu maqsadda muxolifat kuchlarini birlashtirishga harakat qilishini ham ma’lum qilgan.
“Mening 2027 yilda saylovda nomzod sifatida qatnashish niyatim bor. Men saylovga boraman va oxirigacha qatnashaman. Bu siyosiy kurash, men o‘z nomzodimni ilgari suraman”, degan Suvonaliyev.
Uning aytishicha, Qirg‘izistonda siyosiy maydon so‘nggi yillarda ancha qisqargan. Suvonaliyev, shuningdek, ayrim siyosatchilarning hibsga olingani yoki siyosiy faoliyati cheklangani haqida ham gapirgan.
Ma’lumot uchun, 66 yoshli Omurbek Suvonaliyev avval Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan, shuningdek, Norin va Talas viloyatlariga rahbarlik qilgan. U 2019–2020 yillarda Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Suvonaliyev 2011 yilda ham prezidentlik saylovida o‘zini o‘zi nomzod sifatida ko‘rsatgan.
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi kecha, 24 sentyabr kuni navbatdagi prezidentlik saylovini 2027 yil 27 yanvarda o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amaldagi prezident Sadir Japarov avvalroq saylovda yana nomzodini qo‘yishini bildirgan va barcha nomzodlar uchun teng sharoit yaratishga va’da bergandi.
Live
Barchasi