Sobiq deputatning o‘g‘li “Kolya Qirg‘iz”ga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi
3-sahifa
−
29 noyabr 2023
6727Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament)ining sobiq deputati Boris Sanning o‘g‘li Aleksandr San Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda qo‘mita matbuot markazi xabar berdi.
Aleksandr San uyushgan guruhlar va jinoiy jamoalarni moliyalash, shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirishda gumon qilinmoqda. U 2024 yil 4 yanvarga qadar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida qolishi ma’lum qilindi.
“Tergov va tezkor tadbirlar davomida Tursuntoy Salimov (“Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi – tahr.)ga tegishli bo‘lgan sobiq bolalar bog‘chasi hududida ko‘p qavatli premium toifali turar joy binosi qurishni rejalashtirganligi aniqlandi. Qurilishni boshlash shartlaridan biri qurilish kompaniyasining kafolat va garov sifatida qimmat kvartira taqdim etishi edi. Keyinchalik, qurilish uchun ruxsatnomalar olishning iloji yo‘qligi sababli shartnoma bekor qilindi. Shu bilan birga, Ilshat Salimov (Tursuntoy Salimovning o‘g‘li – tahr.) Aleksandr San va Qamchi Ko‘lboyev (Kolya Qirg‘iz) bilan til biriktirib, 2020 yil yanvar oyida bosim va kuch ishlatish orqali tahdid qilish yo‘li bilan qurilish kompaniyasiga tegishli premium toifadagi ko‘chmas mulkni noqonuniy ravishda egallab olgan. Keyin Qamchi Ko‘lboyev ushbu turar joyni Cho‘lpon-Ota shahridagi savdo markazi qurish uchun yer uchastkasiga almashtirgan”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida.
Qo‘mitaning qayd etishicha, yuqoridagi turar joy Qamchi Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zolarini moliyalashtirish va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan shug‘ullangan Aleksandr San nomiga rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga San oilasining umumiy qiymati 80 million dollar bo‘lgan 59 ta qimmatbaho ko‘chmas mulki, jumladan, tijorat mulki borligi haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Xususan, Bishkekda – umumiy maydoni 61 ming 918 kvadrat metr, qiymati 50 million dollar bo‘lgan ko‘chmas mulk, shu jumladan, hozirda qurilishi davom etayotgan 20 ming 800 kvadrat metr maydonga ega sobiq “Sun City” majmuasi, Issiqko‘l viloyatida “Kolya Qirg‘iz”ning kottejlari yonida joylashgan “Oq-Maral” tashkilotining kottejlari, shuningdek, umumiy maydoni 12,9 gektar bo‘lgan 15 million dollarlik ko‘chmas mulk ob’ektlari, Chuy viloyatida – umumiy maydoni 20,1 gektar bo‘lgan 15 million dollarlik yer uchastkalari aniqlangan.
Shuningdek, San oilasi qurilish, umumiy ovqatlanish, mehmonxona biznesi hamda ulgurji va chakana savdo yo‘nalishlarida 11 ta MCHJ hammuassisi ekani hamda ularning Qirg‘izistondan tashqarida ham korxonalari borligi aniqlangan.
“Hozirda Qamchi Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhiga aloqador bo‘lgan qo‘shimcha shaxslarni, shuningdek, jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mol-mulkni aniqlash bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston yunon-rum kurashi federatsiyasi vitse-prezidenti Ahror Iminov, “Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi Tursuntoy Salimov “Kolya Qirg‘iz”ga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingandi. Tursuntoy Salimovning o‘g‘li Ilshat esa qidiruvga berilgandi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev esa Qirg‘izistonda 2026 yilgacha “vor v zakone”larni “qirib tashlash”ni va’da qilgandi.
LiveBarchasi