Sloveniya Prezidenti avtohalokatga uchradi
Olam
−
10:51 1039 2 daqiqa
Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs-Musar Xorvatiyadagi ta’tildan qaytayotganda avtohalokatga uchradi. Bu haqda davlat rahbari kabinetiga tayanib, “Sloveniya Radio va televideniyesi” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avariya joriy yilning 31 iyul kuni Kastelets tunnelida sodir bo‘lgan. Sloveniya yetakchisi yengil jarohatlar olgan. U tunni Izola shahridagi shifoxonada o‘tkazgan. Hozirda siyosatchi uyida va o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Koper shahar politsiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni soat kechki 5 lar atrofida dengiz bo‘yi avtostradasida sodir bo‘lgan YTHda qo‘riqlanadigan shaxsni kuzatib boruvchi kortej tarkibidagi ikkita xizmat politsiya mashinasi to‘qnashgan. Hozirgacha to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada ikki kishi jarohat olgan. Ulardan biri yengil, ikkinchisi esa og‘ir tan jarohati olgan. Ikkalasi ham tez yordam mashinasida Izola umumiy shifoxonasiga yetkazilgan.
Shoshilinch qutqaruv ishlarini olib borish va YTH sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish sababli Kastelets tunneli vaqtinchalik barcha transport vositalari uchun yopilgan va soat sakkizdan keyin qayta ochilgan. Koper politsiyachilarining aniqlik kiritishicha, hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda. Bu haqda Maxsus davlat prokuraturasining tegishli bo‘limiga ham xabar berilgan.
Ma’lumot uchun, Natasha Pirs-Musar – sloveniyalik taniqli huquqshunos, jurnalist va siyosatchi bo‘lib, mamlakat tarixidagi ilk ayol Prezident hisoblanadi. U 2022 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda mustaqil nomzod sifatida g‘alaba qozongan va 2022 yil 23 dekabrdan buyon davlat rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda. U siyosiy faoliyatidan avval uzoq yillar davomida Sloveniya markaziy televideniyesida suxandon va jurnalist bo‘lib ishlagan.
Live
Barchasi