Slovakiya Bosh vaziri suiqasddan keyin birinchi marta ko‘rinish berdi
Olam
−
06 iyul
3326Kecha, 5 iyul kuni Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng o‘ziga qilingan suiqasddan salkam 2 oyga yaqin vaqt o‘tib omma oldida nutq so‘zladi. Bu haqda Slovakiya matbuot agentligi xabar berdi.
Fitso mamlakat poytaxti Bratislava shahridagi nutqi chog‘ida ilg‘or va liberal mafkuralarni tanqid qilib, ularning faoliyatini ma’nosiz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa doirasida bunday mafkuralarga qarshi mustahkam to‘siq qurish uchun mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha siyosiy konsensus ishlab chiqish lozim. U, shuningdek, jamiyatdagi keskinlikni pasaytirish zarurligini ham ta’kidlab, odamlarni joriy yilning may oyi o‘rtalarida uning shaxsiga qilingan suiqasd boshqalarda takrorlanmasligi haqida chuqur o‘ylashga chaqirdi. Bundan tashqari, u Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun tinchlik muzokaralarini o‘tkazish zarurligini yana bir bor eslatdi.
“Biz birgalikda saraton kabi tarqalib borayotgan bema’ni, ilg‘or va liberal mafkuralarga qarshi ulkan to‘siq qurishimiz kerak. Ular mamlakatimizga zarar yetkazayotgan yot mafkuralardir”, degan Bosh vazir.
Bosh vazir jamiyat ikkiga bo‘linganini aytib, ba’zi ommaviy axborot vositalarini ham tanqid ostiga oldi. Shuningdek, Fitso Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Kiyev va Moskvaga tashrifidan hayratda ekanligini bildirgan.
“Agar sog‘ligim imkon bersa, Orban bilan birga borardim. Tinchlik muzokaralari hali ham yetarli emas. Menga qilingan suiqasd yana takrorlanmasligiga, Ukrainadagi urush mojarosi bilan bog‘liq keskinlik kuchaymasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 may kuni Robert Fitsoga Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng yig‘ilganlar oldiga chiqqanida, unga qarata o‘q uzilgan. Oqibatda yaralangan Fitso zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinroq Slovakiya Bosh vaziriga nega suiqasd uyushtirilgani haqida xabar berildi.
LiveBarchasi