Skuter va samokatda qilingan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilandi
Jamiyat
−
29 Oktabr
2942Skuter va samokatdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Shuni nazarda tutuvchi tegishli qonun kecha, 28 oktyabr kuni Prezident tomonidan qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, skuterlar va individual harakatlanish vositalarini boshqarib borayotgan shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi, bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida (123 ming 300 so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, skuter va samokatlarni belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlanmasdan haydasa, BHMning ikkidan bir qismi miqdorida (185 ming so‘m) jarima solinadi.
Bundan tashqari, individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari odamlarni tashisa, BHMning ikkidan bir qismi miqdorida (185 ming so‘m) jarimaga tortiladi.
Skuter yoki individual harakatlanish vositasini boshqarib borayotgan shaxsning alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi esa BHMning uch baravari miqdorida (1 mln 110 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 sentyabr kunida O‘zbekistonda skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullangandi.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi