“Sizlar bolaligimni o‘g‘irladingiz. Bunga qanday haddingiz sig‘yapti?” – Greta Tunberg

Olam

Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha sammitida 66 mamlakat 2050 yilga borib atmosferaga chiqayotgan karbonat angidrid gazining miqdorini nol balansga yetkazish majburiyatini oldi.

Shvetsiyalik iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash faoli, Nobel mukofotiga nomzodi ko‘rsatilgan 16 yoshli Greta Tunberg BMT minbarida turib dunyo rahbarlarini harakatsizlikda aybladi.

“Bularning bari noto‘g‘ri. Men bu yerda bo‘lmasligim kerak edi. Okeanning narigi tomonidagi maktabga qaytishim kerak. Ammo, sizlar, biz yoshlarga umid bilan murojaat qilyapsizlar? Bunga qanday haddingiz sig‘di! Sizlar quruq so‘zlaringiz bilan orzularim va bolaligimni o‘g‘irladingiz. Yanayam men omadlilardanman. Odamlar azoblanyapti, odamlar o‘lyapti. Butun boshli ekotizimlar barbod bo‘lyapti. Biz ommaviy qirilishning boshlanishida turibmiz. Sizlar esa faqat pullar haqida gapirasizlar va o‘sayotgan iqtisodiyot haqida ertaklar aytasizlar. Bunga qanday haddingiz sig‘yapti?”, dedi u BMTning iqlim masalalariga bag‘ishlangan sammitida.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘rmonlarni qo‘riqlash iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda asosiy masala ekanini ta’kidladi.

“O‘rmonlarni yo‘q qilish dahshatli tezlikda amalga oshyapti. Har yili biz 7 mln gektar o‘rmonni yo‘qotyapmi. Bu global muammoning bir qismi, shunchaki mahalliy masala emas. Bu favqulodda vaziyatdan sayyoramizizning “o‘pka”sini himoya qilmay turib, chiqa olmaymiz”, dedi Guterrish.

Sammit vaqtida Greta yo‘lakda AQSH Prezidenti Donald Trampni uchratib qoldi. Tramp sammitga 15 daqiqa kechikib keldi va Tunbergning nutqini eshitmadi. Tramp ekologik muammolarga e’tiborsiz qaraydi va AQSH uning tashabbusi bilan iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgan.

Yo‘lakdagi tasodifiy uchrashuv chog‘ida Gretaning yuz ifodasi qanday o‘zgarib ketganligi tasvirlangan surat hamda u va Tramp tasvirlangan gif-surat tarmoqlarda tarqalib, memlarga aylanib ketdi.

Greta Tunberg kim?

Greta Tunberg 2003 yil 3 yanvarda tug‘ilgan. U 11 yoshida og‘ir tushkunlikni boshidan kechirgan, unda Aspeger sindromi (jamiyat bilan munosabatda qiynalish), selektiv mutizm (ma’lum vaziyatlarda gapirish qobiliyatini yo‘qotish) aniqlangan.

Greta 8 yoshidan buyon ekologiya muammosi bilan shug‘ullanib keladi.  

Tunberg o‘tgan yil avgustida Stokgolmdagi parlament binosi oldida “maktab ish tashlashi” boshlaganidan so‘ng omma e’tiboriga tushdi. U har juma kuni parlament oldida turib siyosatchilarni atrofga zaharli moddalar chiqarishni qisqartirish bo‘yicha Parij shartnomasini bajarishga chaqirdi.

Fevral oxirida Tunberg Berlinda o‘tkazgan namoyishda 4 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi. U BMTning iqlim masalalari bo‘yicha konferensiyasi va Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga taklif etildi. Shvetsiyada Tunbergni “yil ayoli” deb e’tirof etishdi.

Shvetsiyalik va norvegiyalik siyosatchilar Greta Tunbergni ekologik harakatga qo‘shgan hissasi uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatishdi.

Shvetsiyalik deputatlar Yens Xolm va Xokan Svenneling hamda norvegiyalik parlament vakillari Freddi Andre Ovstegord, Mona Fageros va Lars Xaltbrekken ana shunday tashabbus bilan chiqishdi.

“Greta boshlagan harakat butun sayyoramiz ishi uchun muhim hissa hisoblanadi”, deya qayd etdi Ovstegord.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim Greta Tunberg

Baholaganlar

108

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing