“Siz hali yosh qizchasiz”. Qudbiyev Akfa va Artel haqidagi savoldan qochib, aybni jurnalistga ag‘dardi

Jamiyat

Bugun, 17 yanvar kuni soliq ma’muriyatchiligidagi so‘nggi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi ko‘pchilikni qiziqtirgan va bir qancha e’tirozlarga sabab bo‘lgan muammoni olib chiqqan QALAMPIR.UZ jurnalistining savolidan qochib, uni xalq nomidan gapirishda aybladi. 

Anjumanda jurnalist Yulduz Abdurashidova Artel, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Uzbekistan Airways” kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat byudjetiga to‘lanmayotgan mablag‘lar kimning yelkasiga tushayotgani, ular nega mol-mulk solig‘idan ozod qilingani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berdi. Ammo javob aniq bo‘lmagani uchun, Qalampir.uz jurnalisti yana so‘z olib, javobdan qoniqmagani, Artel kabi korxonalarga berilayotgan imtiyozlarga izoh berilmaganini aytdi. 

“Odamlarimiz nega sizning savolingizga javob bermadi deb menga yozyapti: “Artel korxonalar tizimining shoxi bormi? Kimning yelkasiga tushishini nega aytmayapti?” Ya’ni xalqimiz sizdan to‘liq, batafsil javob kutyapti”, deya yana Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga yuzlandi.

Shu o‘rinda, Qudbiyev, savolga javob qolib, jurnalistning xalq nomidan gapirishga haqqi yo‘qligini ta’kidlab, shunday dedi.

“Yulduzxon, bu masalada Moliya vaziri o‘rinbosari ma’lumot bermoqchi. Lekin mening fikrimcha, men sizning savolingizga “Yuk hech kimning yelkasiga tushmaydi”, deb javob berdim. Qoniqmagan bo‘lsangiz, bu sizning ishingiz. 

Ikkinchidan, Yulduzxon, siz hali yosh qizchasiz. Xalq nomidan ikki xil toifadagi odamlar gapirishi mumkin. Siz xalq nomidan gapira olmaysiz. Xalq nomidan faqat Prezident va deputat gapirishi mumkin. Sababi ularni xalq saylaydi. Boshqa odamning xalq nomidan gapirishga yuridik ham huquqiy ham haqqi yo‘q”, dedi DSQ raisi.

Jurnalist xalq va davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” hisoblanib, uning asosiy vazifasi xalqning murojaatini hukumatga yetkazishdan iboratdir. Ammo, bugun ba’zi amaldorlar bundan norozi.

DSQ raisining jurnalistga xalq nomidan gapira olmaysiz degani tadbirda o‘tirgan boshqa jurnalistlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov esa "birovning uyiga kelib shovqin qilmang" dedi. Soliq qo‘mitasi binosi bu davlat byudjetidagi pullar evaziga kelgan. Byudjetdagi pullar esa xalq puliga. Shunday ekan “birovning uyi” deb gapirish qanchalik to‘g‘ri.


Maqola muallifi

Teglar

soliq moliya Sherzod Kudbievga

Baholaganlar

868

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing