“Siyosatchilar uchun xavf”. Epshteynning ranchosi bo‘yicha tergov o‘tkaziladi
Olam
−
17 fevral 3844 2 daqiqa
AQSHning Nyu-Meksiko shtati qonunchilari marhum moliyachi Jeffri Epshteynga tegishli bo‘lgan Zorro ranchosida yuz bergan voqealar yuzasidan ilk to‘liq ko‘lamli tergovni boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Epshteyn odam savdosi va jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan edi. Bu haqda bugun 17 fevral kuni “Reuters” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, to‘rt nafar qonunchidan iborat ikki partiyaviy qo‘mita tuziladi. U ehtimoliy zo‘ravonlik qurbonlari hamda mahalliy aholi ko‘rsatmalarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Rancho shtat poytaxti Santa-Fe shahridan taxminan 50 kilometr janubda joylashgan. Komissiya ranchoga kelgan mehmonlar hamda u yerda sodir bo‘lgan voqealardan xabardor bo‘lishi yoki taxmin qilinayotgan jinoyatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan mansabdor shaxslarning shaxsini aniqlashni maqsad qilgan.
Jeffri Epshteyn 2019 yilda Nyu-York qamoqxonasida federal darajadagi jinsiy ekspluatatsiya maqsadidagi odam savdosi ayblovlari bo‘yicha tergov ostida bo‘lgan paytda o‘z joniga qasd qilgan.
Nashrning yozishicha, Nyu-Meksikodagi rancho avvalroq federal tergovlarning asosiy e’tiboridan chetda qolgan. Ular asosan Epshteynning Karib dengizidagi xususiy oroli hamda Nyu-Yorkdagi taunxausiga qaratilgan. Shu bilan birga, yuzlab jabrlanuvchilar manfaatini himoya qilgan advokat Sigrid Makkoulining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jabrlanganlar aynan Nyu-Meksikoda zo‘ravonlikka duch kelgan, mahalliy siyosatchilar va boshqa shaxslar esa sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi mumkin.
Demokratik partiyadan shtat deputati, tashabbus hammuallifi Andrea Romero Epshteyn “aslida bu shtatda istagan ishini hech qanday javobgarliksiz qilganini” aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita tomonidan to‘plangan ko‘rsatmalar kelgusidagi sud jarayonlarida qo‘llanishi mumkin.
Bungacha AQSH Adliya vazirligi Epshteyn bilan bog‘liq millionlab hujjatlarni e’lon qilgan edi. Hozirgi qonun loyihasi Nyu-Meksiko Vakillar palatasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan va Epshteyn bilan aloqador bo‘lgan hamda ranchoga tashrif buyurgan siyosatchilar va boshqa yuqori martabali shaxslar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Qo‘mita ishni bugun, 17 fevral kuni boshlaydi. Dastlabki natijalar iyul oyida taqdim etilishi, yakuniy hisobot esa yil oxiriga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Bir nechta fuqarolik da’volarida Epshteyn Zorro ranchosida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda, biroq ushbu epizodlar bo‘yicha unga rasmiy ayblov qo‘yilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Bosh prokurori Pem Bondi Jeffri Epshteyn ishiga doir hujjatlarda tilga olingan 300 nafar mashhur shaxs va siyosatchi ismidan iborat ro‘yxatni e’lon qilgandi.
Live
Barchasi