“Siti” “Kristal Pelas” sardorini sotib oldi
Sport
−
20 yanvar 952 2 daqiqa
“Manchester Siti” klubi “Kristal Pelas” sardori Mark Gehining transferini rasman e’lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Manchester Siti” 25 yoshli Angliya terma jamoasi a’zosi transferi uchun 23 million yevro sarfladi. Futbolchi esa “shaharliklar” bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
“Bu men uchun rivojlanish va yanada yaxshilanish uchun to‘g‘ri muhit. Umid qilamanki, bu yerdagi har bir kishiga yordam berish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”, deydi Gehi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola 25 yoshli Gehining maydonga tushib, himoyachilar Yoshko Gvardiol va Ruben Diashning uzoq muddatli jarohatlari sabab yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishiga umid qilmoqda.
“Chelsi” yoshlar akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Gehi 2021 yil yozida 23 million yevro evaziga “Kristal Pelas” safiga qo‘shilgan edi. O‘tgan yil yozida Gehi qariyb 40 million yevro evaziga “Liverpul”ga o‘tishga yaqin bo‘lgan, biroq kelishuv so‘nggi pallada ayrim sabablarga ko‘ra amalga oshmay qolgan.
Ma’lumot uchun, Mark Gehi joriy mavsumda “Kristal Pelas” safida barcha musobaqalarda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi hamda 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Siti” jamoasi “Bornmut” qanot hujumchisi Antuan Semenoning transferini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi