Sirdaryolik 99 yoshli onaxon “Turkiya qutqaruvchisi” bo‘ldi
Jamiyat
−
06 mart 2023
11545Avvalroq Sirdaryo viloyatida 99 yoshli onaxon Zulayho Ismoilova pensiya pulini Turkiyadagi zilziladan jarblanganlarga yordam tariqasida yuborgani haqida xabar berilgandi. Zulayho Ismoilova “Turkiya qutqaruvchisi” nomiga munosib ko‘rildi. Bu haqda uning nabirasi shoir Asqar Ismoilov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Aslida, hamma onalar – qahramon. Onalar beshik tebratadi, onalar hech qachon tobut ko‘tarmaydi. Dunyoning yarmi onalar bo‘lsa, qolgan yarmini onalar dunyoga keltiradi. Onam Turkiyadagi zilzilani devor ostida qolgan odamlarni ko‘rib, ko‘ziga yosh oldi. Turkiya dardini, o‘z dardiday qabul qildi”, deydi Ismoilov.
Uning ma’lum qilishicha, Sardobadagi talafotda ham Zulayho Ismoilova birinchilardan bo‘lib yordamga shoshgan. Endi esa Turkiyaga borish niyatida.
“Hammamizning qahramon onalarimiz sog‘ bo‘lsin! Shunday onalarimiz bor ekan, o‘zbek millati dunyodagi eng buyuk millat bo‘laveradi”, deydi shoir.