Sirdaryodagi toshqinda jabrlangan fuqarolarning hujjatlari tiklab beriladi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida suv omborining yorilishi natijasida evakuatsiya qilingan fuqarolarning ko‘pchiligi hujjatlarsiz qolgan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.

Hozirgi vaqtda Davlat xizmatlari agentligi rahbariyati Sirdaryoda bo‘lib, joylarda aholi bilan uchrashmoqda. DXA Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassislari hujjatlari yo‘qolgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirmoqda.

Xususan, Jizzax olimpiya zaxiralari maktab-internati yotoqxonasiga joylashtirilgan 239 nafar Oqoltin tumani aholisining 32 nafarida tug‘ilganlik, nikoh qayd etilganlik guvohnomalari, fuqarolik pasporti, kadastr hujjatlari yo‘qolganligi aniqlangan.

Ularga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eksterritoriallik tamoyili asosida mazkur hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.

Kecha Arnasoy, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Paxtakor, G‘allaorol tumanlari va Jizzax shahriga jami 10 629 nafar Sirdaryo viloyati fuqarolari evakuatsiya qilindi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugunning o‘zida 1 608 nafar fuqarolarning pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlari mavjudligi yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Shundan 292 fuqaroning 94 nafarida pasport, 134 nafarida tug‘ilganlik, 64 nafarida nikohni qayd etish guvohnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Monitoring ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1 may kuni tongda Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuz bergan, 2 may holatiga ko‘ra, 70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan, kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlarini DXX olib borishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimligi Sardobada suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga barcha mahsulotlar yetkazilgani va ularda hozircha ehtiyoj yo‘qligini bildirgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning yana Sirdaryoga borgani va Sardoba suv ombori hududidagi tiklash-ta’mirlash ishlari bilan tanishgani, tumandagi "Qo‘rg‘ontepa" mahallasini borib ko‘rgani, u yerda aholi bilan suhbatlashgani haqida xabarlar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba suv ombori

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing