Sirdaryodagi past rentabelli 25 ming gektar yerga sholi ekiladi 

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatining 8 ta tumanidagi past rentabelli 25 ming gektar yer sholi yetishtirishga o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilishida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, viloyatda tashabbuskorlik kamligi uchun sanoat, savdo va xizmatlar rivojlanishdan orqada qolib ketyapti. Xususan, Sirdaryoda xizmat ko‘rsatish sohasining respublikadagi ulushi eng past. Kambag‘allik darajasi 11 foizdan ko‘p. 22 ming nafar fuqaro ishsiz.

Shu maqsadda Sirdaryo viloyatida investitsiyalarni ko‘paytirib, sanoat va biznes-muhitni yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatidan unumli foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

“Masalan, qariyb 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilinishi mo‘ljallangan. Bu 5 milliard dollar investitsiyaga va 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rniga zamin bo‘ladi. Loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardobada joylashadi”, deyiladi xabarda.

Viloyat geografik jihatdan O‘zbekistonning markaziy qismida, bir nechta xalqaro avtomagistral kesishmasida joylashgan bo‘lib, bir kecha-kunduzda 311 mingta transport vositalari o‘tadi. Shunga ko‘ra, tadbirkorlar bu yo‘llar bo‘yida yuzlab savdo shoxobchalari ochishga tayyorligini bildirgan.

Shu kabi 500 ming kvadrat metr savdo-servis maydoni tashkil etib, 50 ming odamning bandligini ta’minlash imkoniyati bor.

8 ta tumandagi past rentabelli 25 ming gektar yer sholi yetishtirishga o‘tkaziladi. Sholichilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotning 50 foizini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Viloyatda mingdan ziyod xonadonning qurilganiga ellik yildan oshgan. Renovatsiya dasturi asosida, ularning o‘rnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada Marg‘ilon shahri, Do‘stlik tumanidagi ijobiy tajribalar o‘rganiladi.

Yangi xonadonlar arzon bo‘lishi uchun developerlarga soliq, bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, viloyatdagi yo‘l, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy ob’ektlarni yangilashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Guliston shahrini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga zarur mablag‘ ajratish va bu ishlarni 2025 yil 1 iyunga qadar yakunlash topshirildi. Shuningdek, Guliston va Shirin shaharlarda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida ularning hududini kengaytirish taklifi ma’qullandi.

Umuman, joriy yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etib, eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Buning natijasida 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochilishi, kambag‘allik darajasi 7,4 foizga tushishi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sirdaryo yig'ilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing