Sirdaryoda jabr ko‘rgan fuqarolar Jizzaxdagi maktab va kollejlarga joylashtirildi

Jamiyat

Avvalroq, joriy yilning 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.

Favqulodda holat sabab hudud yaqinidagi qishloq aholisi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilindi. Jabr ko‘rgan aholini Sirdaryo viloyatining Sardobaga yondosh tumanlari bilan birga qo‘shni Jizzax viloyati ham qabul qilib olgan. 

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Beruniy”, “Paxtaobod”, “Baliqchi”, “Haqiqat”, “Bahoriston”, “Yangiovul” va “Do‘ngari” mahalla fuqarolari yig‘inlari aholisi Yangiyer shahriga evakuatsiya qilingan. Suv ombori yaqinidagi qishloq va mahalla aholisi joylarda tayyorlab qo‘yilgan maktab, kollej va xonadonlarga joylashtirilgan. Qisqa fursatda ular uchun yotoq joylari tayyorlanib, issiq ovqat bilan ta’minlangan. Evakuatsiya qilingan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 

Sirdaryoga qo‘shni Jizzax viloyatidan ham maxsus yordam kuchlari evakuatsiya uchun jalb etilgan. Sardoba tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa”, “Do‘stlik”, “Yurtdosh”, “Otayurt”, “Qo‘ytosh”, “Birlik” mahallalari aholisining ma’lum qismi Jizzax viloyatining Do‘stlik, Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahriga olib kelib, joylashtirilgan. 

Shuningdek, Do‘stlik tumanidagi Manas, Navro‘z, Qahramon aholi punktlariga fuqarolar evakuatsiya qilingan. Sharaf Rashidov tumani va Jizzax shahriga esa fuqarolar vaqtincha joylashtirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, bugun tongdayoq voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yetib borib, aholi vakillari bilan uchrashdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba suv ombori

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing