Sirdaryoda portlab, 6 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus konstruksiyasi o‘zgartirilgan – UzAuto

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida portlagan avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilib, gaz ballonlari o‘rnatilgan. Avtobus dastlab dizel yoqilg‘isida yurishga mo‘ljallangan bo‘lgan. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AJ ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, olti kishining o‘limiga sabab bo‘lgan portlashga oydinlik kiritish maqsadida, “O‘zavtosanoat” AJ tizimidagi Komplayens xizmati xodimlari hamda “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QK mas’ul xodimlari zudlik bilan joyiga borib o‘rganishgan. Shunda 18 avgust kuni 14:30 larda Oqoltin tumanida joylashgan, “NUR TRANS GAS” MCHJ gaz to‘ldirish shoxobchasi hududida davlat raqami 90 946 WAA bo‘lgan ISUZU SAZ NP21 rusumli avtobusning ust qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlaridan biri portlaganligi aniqlangan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur avtobus dizel’ yoqilg‘isida xarakatlanishga moslashgan holda 2012 yilda “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QKda ishlab chiqarilib, MCHJning Xorazm viloyatidagi rasmiy dilleri orqali sotilgan.

Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014 yilda 60 litr sig‘imli, 6 dona gaz balonlar avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan holda, avtobusning ust qismiga o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari bo‘yicha belgilangan davriy ko‘rikdan o‘tkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan.

“Ta’kidlash kerakki, kafolatli xizmat ko‘rsatish sohasi siyosatiga ko‘ra, avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan o‘z-o‘zidan chiqib ketadi”, deyiladi “O‘zavtosanoat” AJ munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni soat 14:30 larda Oqoltin tumani hududida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli bo‘lgan Isuzu rusumli avtobus, metan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtda portlab ketgandi. Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 262-moddasi (Transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

portlash avtobus

Baholaganlar

347

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing